O‘zaro gurunglarimizda milliy valyutamiz – so‘m mavzusi tez-tez tilga olinadi. Hamma o‘z bilganicha fikr aytadi, tusmol qiladi. Haqiqatdan ham so‘mimizni qanday istiqbol kutmoqda?
Jurnalist Asqar Haydarov o‘z maqolasida shu mavzuga ekskursiya qiladi.
Markaziy bankning Naqd pul muomalasini tashkil etish departamenti direktori Fazliddin Bozorov qayd etdiki, mamlakatimizda 1000 so‘m qiymatdagi banknot 2001 yilda, 5000 so‘mlik kupyura oradan 12 yil o‘tib, ya’ni 2013 yilda muomalaga kiritilgan. 10 000 va 50 000 so‘mlik banknotlar esa 2017 yilga kelib muomalaga chiqarildi.
Ushbu davrda ish haqi miqdori va narxlar bir necha barobar, shunga mos ravishda, naqd pulga bo‘lgan talab ham oshib bordi. Natijada muomalada banknotlar soni ko‘payib ketdi, fuqarolarning qimmat narxli tovarlarni sotib olishida noo‘ng‘ayliklar paydo bo‘ldi. Milliy valyutamiz jamg‘arish funksiyasini sekin-asta yo‘qota bordi; bank xodimlarning naqd pullarni sanash, o‘rab bog‘lash bilan bog‘liq ishlariga keragidan ko‘p vaqt sarflandi, banknotlarni bosib chiqarish va ularni joylarga yetkazish, bo‘yoq, qog‘oz bilan bog‘liq xarajatlar oshib ketdi.
Mana shunga o‘xshash salbiy holatlarning oldini olish uchun muomalaga 2017 yilda 10 va 50 ming so‘mlik kupyuralar muomalaga chiqarildi. Shu yilning 25 fevralidan esa bir yuz ming so‘mlik yangi kupyura muomalaga kiritildi.
Mutaxassisning qat’iy fikricha, yirik nominaldagi banknotlarning muomalaga chiqarilishi inflyatsiyaga mutlaqo ta’sir ko‘rsatmaydi. Muomalada naqd pul hajmining kamayishi yoki ko‘payishi umumiy pul massasi tarkibida naqd pullar salmog‘i ko‘payishi yoki kamayishini anglatadi.
2017 yil boshida muomaladagi naqd pullarning umumiy sonida 500 so‘m qiymatgacha bo‘lgan banknotlar ulushi 17,2 foizni, 1000 so‘mlik banknotlar - 68,8 foizni, 5000 so‘mlik banknotlar - 14 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib muomaladagi banknotlar sonida 500 so‘mgacha bo‘lgan kupyuralar 9,9 foiz, 1000 so‘mlik – 55,7 foiz, 5000 so‘mlik – 22,6 foiz, 10 000 so‘mlik – 9 foiz va 50 000 so‘mlik – 2,8 foiz ulushga ega bo‘ldi.
2018 yil boshiga kelib muomaladagi naqd pullar hajmi 2017 yilga nisbatan 1,8 barobar oshib 23,3 trln.so‘mni tashkil etgan bo‘lsa-da, muomaladagi banknotlar soni 3,3 mlrd. donaga qisqarishi ta’minlandi.
Bu kamayish 10 000 va 50 000 so‘mlik banknotlar ulushining mos ravishda 22,3 foiz va 34,9 foizga yetkazilishi hisobiga to‘ldirildi.
2018 yil iyul oyidan boshlab, naqd puldagi hisob-kitoblarni amalga oshirishda aholi uchun qulayliklar yaratish, muomaladagi naqd pullarni sifat jihatdan mustahkamlash maqsadida Markaziy bank tomonidan yangi namunadagi 50, 100, 200, 500 so‘mlik tanga pullar muomalaga chiqarildi.
Binobarin, yangi nominaldagi pullarning chiqarilishi yoki nollarni olib tashlash (denominatsiya) texnik masala bo‘lib, iqtisodiy-moliyaviy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatmaydi. Mutaxassislar e’tirof etishicha, hozirgi paytda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida naqd pullardan voz kechish tendensiyasi kuchayib bormoqda. Bu tendensiya bizning iqtisodiyotimizda ham aks etmoqda.
So‘mning kelgusi taqdiri
Banklar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining kirib kelishi naqd pul muomalasini takomillashtirish jarayonlarini tezlashtirib yubordi, odamlarning fikrlash tarzida keskin o‘zgarish yasadi. Bu o‘zgarishlarni vatandoshlarimiz ongli ravishda qabul qilib, o‘zaro oldi-sotdi muomalalarini naqd puldan ko‘ra, plastik kartochkalar orqali amalga oshirishni afzal ko‘rishmoqda.
To‘lov tizimlari va axborot texnologiyalari departamenti direktori o‘rinbosari Ulug‘bek Mahmudov axborot texnologiyalari istiqboli xususida so‘zlar ekan, “bugungi kunda mamlakatimizdagi muomalaga chiqarilgan plastik kartalar soni salkam 17,8 ming donani tashkil etishi fikrimizning yaqqol isbotidir, - dedi.
- Shu yil boshiga kelib ularga 244 mingdan oshiq terminal, 6859 ta bankomat va infokiosk xizmat ko‘rsatmoqda. Jismoniy shaxslarning plastik kartalari orqali milliy valyutada amalga oshirgan tranzaksiyalari summasi 2018 yilda 63,7 trln so‘mdan ko‘proqni tashkil etdi yoki bir yil ichida 20 foiz o‘sishi ta’minlandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shu bilan birga, tijorat banklari Visa, Master Card, China Union Pay xalqaro to‘lov tizimlari bilan shartnomalar asosida milliy va chet el valyutasida gi bank kartalarini emissiya qilmoqda. Hozirgi kunda xalqaro kartalar soni 681 ming donaga yaqin bo‘lib, ularga 2 ming ortiq terminal va 193 ta bankomat xizmat ko‘rsatmoqda.
Bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat ko‘rsatish tizimlari (Bank-Mijoz, internet-banking, mobil va SMS-bankinglar) orqali xizmat ko‘rsatish ko‘lamining kengayib borishi bu yo‘nalishda qonunchilik bazasini mustahkamlash, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishni toqozo etmoqda.
Chakana to‘lovlarni qayta ishlash bo‘yicha davlat protsessing markazining mavjud emasligi milliy to‘lov tizimining xavfsizligi darajasini kamaytirish, to‘lov infratuzilmasining yagona integrallashuviga erishish imkonini bermayapti hamda bozorda bir monopol tizimning mutlaq ustun bo‘lib qolishini bartaraf etolmayapti.
Mamlakatimiz Prezidentining 2018 yil 19 sentyabrdagi “Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda ishlab chiqilgan “To‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasi bu yo‘nalishdagi ishlar sifatini ancha yaxshilaydi.
Markaziy bankning Axborotlashtirish bosh markazi qoshida tashkil etilgan “Humo” Milliy banklararo protsessing markazi direktori Shuhrat Qurbonov aytishicha, yangi qonun to‘lov tizimlari operatorlarining faoliyatini tartibga soladi, ularning rivojlanishi, ishonchli va xavfsiz ishlashining mustahkam platformasini yaratadi.
Yangi tuzilayotgan Milliy banklararo protsessing markazi to‘lovlarni amalga oshirish uzluksizligini ta’minlash, innovatsion mahsulotlarni joriy qilish, bank xizmatlarining ommabopligini ta’minlash hamda to‘lov xizmatlari bozorida raqobat muhitini rivojlantirishga sharoit yaratadi. Markaz direktori ishontirishicha, mazkur to‘lov tizimi ishga tushirilishi bilan yana bir qator qulayliklar yaratiladi, odamlar ikkita to‘lov tizimidan foydalanish, ya’ni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tanlov, tabiiyki, bozorning markazlashuvi va monopollashuviga barham beradi.
“Humo” bozorda to‘lov tizimi emas, operator sifatida faoliyat yuritadi. MBPM banklar, to‘lov tizimlari, elektron to‘lovlar uchun unga zarur bo‘lgan infratuzilmani yaratadi.
“Mazkur tizim xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiyalashgan holda faoliyat yuritadi, - dedi Sh.Qurbonov. - Naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirishda innovatsion mahsulotlar, jumladan kontaktli va kontaktsiz, mobil texnologiyalar keng qo‘llaniladi. Virtual plastik kartalar muomalaga chiqariladi. Banklar bu bozorda erkin harakat qiladi, halol raqobat muhiti shakllantiriladi”.
Uning ishontirishicha, banklar to‘lov infratuzilmasini kengaytirish va maxsus to‘lov terminallar, bankomatlar va infokiosklar xarid qilishda bitta yetkazib beruvchining mahsuloti bilan cheklanib qolmaydi, xalqaro standartlarga javob beruvchi barcha nufuzli kompaniyalarning texnik ta’minotini tizimda qo‘llash imkoni yaratiladi.
Hozirgi kunda to‘lov tizimidagi 200 mingdan ortiq terminalu 17 mln kartalar Yagona umumrespublika protsessing markaziga ulangan. Bordiyu markazda biror ishkal paydo bo‘lsa, bank ham, mijoz ham operatsiyalarni amalga oshirolmaydi, plastik kartalar orqali operatsiyalar falajlanib qoladi.
“Humo” qo‘llaydigan texnologiya banklararo, ichki bank va chakana to‘lov tizimlaridan iborat bo‘lib, biror tizimda muammo paydo bo‘lgani bilan plastikdan foydalanish jarayoni to‘xtab qolmaydi. Tizimning biror joyida muammo paydo bo‘lgani bilan butun tizim ishdan chiqmaydi. Karta va terminallarni sotib olish va amaliyotga joriy etishni banklar ixtiyoriga berilishining sababi shunda.
“Humo” emissiya qiladigan to‘lov kartalari mustahkamligi va xavfsizligi ta’minlangani, ikki rejimda (kontaktli va kontaktsiz) ishlashi bilan ajralib turadi. Unda to‘lov kartasi egasining ismi-familiyasi va nomeri emboss usulida - bo‘rtiq holda naqshlanadi. Tannarxi esa hozirgi kartalarnikidan ikki baravar arzon bo‘lib, ma’lumotlari karta yaroqsiz holga kelgunga qadar saqlanadi.
Eng asosiysi, u orqali to‘lovlarni amalga oshirish juda qulay: uch xil – ko‘chmas, ko‘char va mobil terminalda ishlaydi. Amaldagi karta va terminallarda to‘lovlar kontakt, ya’ni terminal bilan karta to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa orqali amalga oshirilsa, “Xumo” kartalarida aloqasiz, ya’ni terminalga chipni tekizish orqali bir-ikki soniyada to‘lov amalga oshiriladi.
Ma’lum bir summagacha bo‘lgan to‘lovlarni pin-kodni kiritmasdan turib amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Pin-kodsiz, kontaktli amalga oshiriladigan to‘lovlar birinchi galda jamoat transporti va ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida sinovdan o‘tkaziladi.
Karta egasining mablag‘lari xavfsizligini ta’minlash uchun pin-kodsiz operatsiyalarni ikki-uch marta amalga oshirish, keyingi tranzaksiyani albatta pin-kod kiritish yo‘li bilan amalga oshirish majburiy etib qo‘yiladi. To‘langan summa kassa va terminal ekranida bir vaqtda ko‘rinadi, bunday qulayliklar kartalardan foydalanish jozibadorligini oshiradi.
Savdo shoxobchalaridagi kassalarda mijozlar o‘zlarining pin-kodini kiritib, to‘lovni amalga oshirishlari uchun alohida klaviaturalar o‘rnatiladi. Hozirgidek pin kodingizni ayting, degan so‘rovlarga o‘rin qolmaydi.
Va yana bir yangilik - to‘lovlarni mobil telefon orqali amalga oshirish mumkin. Karta shaxsiy mobil telefonga ulab qo‘yilsa, har bir to‘lov bo‘yicha ma’lumot olish va kelajakda bank xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi.
Yangi kartalarning yana bir afzal tomoni ularning hisob-kitoblarni ham milliy, ham xorijiy valyutada parallel amalga oshirish imkoni yaratilayotganida. Kartochka egalari xaridlarini to‘lov kartochkasidan mamlakatimiz hududida so‘mda, chetda esa mablag‘lar avtomatik tarzda konversiya qilinib, o‘sha davlat pul birligida amalga oshirishlari mumkin.
To‘lov tizimlari bozorida yangi o‘yinchining paydo bo‘lishi to‘lovlarning to‘xtovsiz o‘tishini ta’minlash, innovatsion mahsulotlarni ilgari surish, bank xizmatlari ommabopligini ta’minlash va rivojlantirishni yangi pog‘onaga olib chiqishga turtki beradi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”