Ustoz san’atkor Xadiya Yusupova 88 yoshida vafot etdi

Ustoz san’atkor Xadiya Yusupova 88 yoshida vafot etdi

O‘zbekiston madaniyati va maqom san’ati og‘ir yo‘qotishga uchradi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, professor, taniqli maqom xonandasi va ustoz san’atkor Xadiya Yusupova 88 yoshida vafot etdi.

Mazkur qayg‘uli xabarni O‘zbek milliy maqom san’ati markazi ma’lum qildi. Uzoq yillar davomida milliy musiqa va mumtoz qo‘shiqchilik san’ati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan san’atkorning vafoti muxlislari va shogirdlarini chuqur qayg‘uga soldi.

Xadiya Yusupova 1938 yil sentyabr oyida Namangan shahrida tavallud topgan. U bolaligidanoq san’atga mehr qo‘yib, juda erta yoshdan qo‘shiq ijro etishni boshlagan. Iste’dodi tufayli qisqa vaqt ichida keng jamoatchilik e’tiborini qozongan.

San’atkor 1956 yilda Moskvada o‘tkazilgan xalqaro yoshlar festivalida g‘olib bo‘lib, keyinchalik O‘zbekiston davlat filarmoniyasi safida faoliyat boshlagan. Shuningdek, u O‘zbekiston radiosi qoshidagi ansamblda o‘z davrining mashhur san’atkorlari bilan birga ijod qildi.

1958 yildan boshlab esa mashhur bastakor va akademik Yunus Rajabiy rahbarligidagi “Maqom” ansambli tarkibida faoliyat yuritib, milliy maqom san’atining noyob namunalarini yuqori mahorat bilan ijro etdi. Uning ijrosidagi ko‘plab mumtoz ashulalar mamlakat musiqa xazinasining ajralmas qismiga aylangan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar