6,3 magnitudali zilzila Xitoyda vahima uyg‘otdi

Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Sinxay provinsiyasida kuchli yer silkinishi qayd etildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgan, yana bir necha fuqaro turli darajada jarohat olgan.
Ma’lum qilinishicha, zilzila 16 iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:06 atrofida sodir bo‘lgan. Mutaxassislar yer silkinishi kuchini 6,3 magnituda deb baholamoqda. Zilzila o‘chog‘i Haysi okrugidagi tog‘li hududda, taxminan 10 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Kuchli tebranishlardan so‘ng zilzila markaziga yaqin hududlardagi ko‘mir konlarida mehnat qilayotgan ishchilar zudlik bilan xavfsiz joylarga ko‘chirildi. Ayni paytda mas’ul idoralar yetkazilgan zarar va jabrlanganlar sonini aniqlash ishlarini davom ettirmoqda.
Qutqaruv xizmatlari vayronalar ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan fuqarolarni izlashga kirishgan. Shu bilan birga, mutaxassislar ko‘chki va boshqa ikkilamchi tabiiy ofatlar yuzaga kelish ehtimolini ham baholamoqda.
Xitoyning tegishli idoralari favqulodda chora-tadbirlarni ishga tushirgan. Asosiy zilziladan keyin bir nechta takroriy yer silkinishlari ham kuzatilgan bo‘lib, ulardan eng kuchlisining magnitudasi 4,9 ballni tashkil etgan.





























Izohlar 0
…