2000 yillik kashfiyot olimlarni hayratda qoldirdi

Arxeologlar Amazonka changalzorlarida ilm-fanga avval noma’lum bo‘lgan qadimiy sivilizatsiya izlarini aniqladi. Ulkan megapolis o‘n minglab kvadrat kilometrga cho‘zilgan bo‘lib, u ispanlar, astteklar va mayya sivilizatsiyalari paydo bo‘lishidan ancha oldin vujudga kelgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Olimlar Boliviya daryo vodiysidagi qalin o‘rmonlar ostida qadimiy inshootlar borligini anchadan beri taxmin qilib kelgan. Biroq hududning murakkabligi sababli bu yerni to‘liq o‘rganish qiyin bo‘lgan. Samolyotdan olingan tasvirlarda ham faqat yashil o‘rmon ko‘ringan.

2025 yilda Boliviya, Ekvador va AQSH olimlari maxsus lazerli skaner — lidar yordamida hududni tekshirdi. Natijada daraxtlar ostida qadimiy aholi manzilgohlari qoldiqlari aniqlandi.

Eng yirik aholi punkti 300 gektar maydonni egallagan bo‘lib, bu 400 dan ortiq futbol maydoniga teng. 2026 yilda boshlangan qazishmalar davomida balandligi 20 metrdan ortiq piramidalar, jamoat binolari va uylar topildi. Ular balandligi 5 metrgacha bo‘lgan sun’iy tepaliklar ustiga qurilgan.

Shuningdek, geometrik jihatdan aniq qurilgan ariqlar va qishloqlarni o‘zaro bog‘lagan yo‘llar tarmog‘i ham aniqlandi. Olimlar bu joylarni qadimiy Nyu-Yorkka o‘xshatmoqda. Barcha binolar va yo‘llar shimoli-g‘arb tomonga qarab qurilgani ularning o‘ziga xos dini va dunyoqarashi bo‘lganini ko‘rsatadi.

Bu kashfiyot Amazonka o‘rmonlarida yashash mumkin emas, degan qarashlarni tubdan o‘zgartirdi. Tekshiruvlar ayrim inshootlar yoshi ikki ming yildan oshishini ko‘rsatgan. O‘sha davrda mayya, asttek va inklar hali bunday taraqqiyot darajasiga yetmagan edi.

Shu kabi yana bir yirik shahar Ekvadorda ham aniqlangan. U yerda ham tepaliklar ustiga qurilgan uylar va 25 kilometrlik tekis yo‘llar topilgan. Olimlarning hisoblashicha, bu hududda 15 mingdan 100 ming nafargacha odam yashagan bo‘lishi mumkin.

Shu tariqa, olimlar bir asr avval bedarak yo‘qolgan britaniyalik tadqiqotchi Persi Fosettning nazariyasini tasdiqladi. U aynan shu hududlarda Rim va Gretsiyaga teng keladigan ulkan sivilizatsiya bo‘lganiga ishongan edi. So‘nggi kashfiyotlar esa uning haq bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar