12:35 / 08.10.2020
3 142

Milliy iqtisodiyotimizning og‘riqli joyi

Milliy iqtisodiyotimizning og‘riqli joyi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 27 iyul kuni yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot darajasi yuqori ekanligi aytilib, keyingi yillarda biznesga qo‘shimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish choralari ko‘rilayotgani takidlandi. Biroq, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yetarli emasligi qayd etilib, galdagi vazifalar muhokama qilindi.

Yashirin iqtisodiyotning o‘zi nima?
Yashirin iqtisodiyot bu jamiyat tomonidan nazorat qilib bo‘lmaydigan, mamlakat aholisining bir qismini tashkil qiluvchi shaxslarning katta miqdorda qo‘shimcha daromad olishni ko‘zlab, davlat organlari boshqaruvi va nazoratidan yashiringan holda tadbirkorlik faoliyati bilan qonunga zid ravishda shug‘ullanishdir.

Yashirin iqtisodiyot sohasidagi faoliyat miqiyosi juda kengdir. Shu sababli yashirin iqtisodiyot, asosan, ikki turga ajratiladi: qonun tomonidan taqiqlanmagan (ro‘yxatga olinmaydigan tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish va realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi yashirin iqtisodiy faoliyat) hamda qonun bilan taqiqlangan (giyoxvand moddalar, qurol savdosi kabi qonun bilan taqiqlangan faoliyat) yashirin iqtisodiy faoliyat.

Yashirin iqtisodiyotning birinchi ko‘rinishida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar litsenziya, soliq va boshqalarga ketadigan harajatlardan qochish maqsadida ataylab rasmiy ro‘yxatdan o‘tishmaydi va bu faoliyat to‘g‘risidagi hisobot umuman ko‘rib chiqilmaydi. Ikkinchi ko‘rinishida esa, qonun tomonidan ta’qiqlab qo‘yilgan tovar va xizmatlarni ishlab chiqish va sotish bilan bog‘liq noqonuniy iqtisodiy faoliyatdir. Bu iqtisodiy faoliyatga normal iqtisodiy hayotga to‘g‘ri kelmaydigan, uni buzadigan barcha faoliyat turlari kiradi.

Yashirin iqtisodiyot nima uchun rivojlanadi?
Yashirin iqtisodiyotning rivojlanishiga asosiy sabablardan biri davlat tomonidan iqtisodiyotni tartibga solishda yo‘l qo‘yiladigan xatoliklardir. Bularga erkin bozor iqtisodiyotiga zid ravishda qabul qilingan qarorlar, puxta o‘ylanmay joriy etilgan cheklovlar va ularga barcha tomonidan rioya qilinmaslik, insofli tadbirkor sifatida faoliyat yuritib raqobat maydonida yashab qolishning mushkulligi yoki imkonsizligi, boshqaruvning byurokratlashtirilganligi hamda korrupsiyalashganligi, soliq stavkalarining yuqoriligi va boshqalar sabab bo‘ladi.

Yashirin iqtisodiyatning rivojlanishi oqibatlari qanday bo‘ladi?
Avvalambor shuni ta’kidlab o‘tish joizki, yashirin iqtisodiyotni butunlay yo‘q qilib tashlashning imkoni yo‘q. Eng yaxshi iqtisodiy boshqaruvga ega bo‘lgan davlatlarda ham yashirin iqtisodiy faoliyat hajmi kamaytirilgan, butunlay yo‘q qilishga erishilmagan. Umuman olganda, yashirin iqtisodiyotning umume’tirof qilingan ma’yorlariga ko‘ra, uning darajasi 18-22 foizdan oshmagani ma’qul.

Undan yuqori bo‘lsa mamlakat iqtisodiyotiga zarar ko‘radi, kam bo‘lsa iqtisodiyot to‘g‘ri ishlayotgan bo‘ladi. Shu bilan birga, ayrim holatlarda yashirin iqtisodiyotning ijobiy tomonlari ham kuzatilgan, chunonchi, iqtisodiy krizislar davrida ishsizlar ko‘paygan sharoitda odamlar norasmiy sektorlarda ishlab turganlar. Bu esa odamlarni nochor ahvolga tushib qolishlaridan saqlab qolgan yagona yo‘l bo‘lgan.

Ammo, yashirin iqtisodiyotning jamiyatga ta’siri ijobiydan ko‘ra ko‘proq salbiydir. Bir tomondan, jamiyat daromadlarini nisbatan kam sonli imtiyozli guruhlar foydasiga ijtimoiy adolatga zid ravishda qayta taqsimlanishi amalga oshiriladi. Ikkinchi tomondan, iqtisodiyotning normal boshqaruv tizimi buziladi, odamlarda davlat(boshqaruv) ga nisbatan ishonchi yo‘qoladi va “hamma narsa mumkin” shiori ostida yashay boshlaydilar. Bularning oqibatida jamiyat tartibsizlik va beqarorlikka yuz tutadi.

Yashirin iqtisodiyot qanday bartaraf etiladi?
Avvalambor, bu masala muxtaram Prezidentimiz takidlaganlaridek, rivojlangan davlatlarning bosib o‘tgan yo‘llari chuqur tahlil qilib, xalqaro tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda, ehtiyot bo‘lib, iqtisodiy faollikka zarar yetkazib qo‘ymasdan, davlat organlari, biznes va jamoatchilik hamjihatligida, bosqichma-bosqich amalga oshirish lozim.

Yashirin iqtisodiyotni bartaraf etish va biznesni “soya” dan chiqarish uchun ma’muriy usullar(taqiqlash va jazolash) dan voz kechish lozim. Qonuniy biznes yuritish uchun barcha tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarga teng bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘rnatish (resurslar va xizmatlar bozoridagi manopoliyani yo‘q qilish, hech bir ishtirokchiga imtiyozlar bermaslik), biznes harajatlarni adolatli miqdorda belgilash (soliqlar, majburiy to‘lovlar, bojlarni kamaytirish), byurokratiyani qisqartirish (ro‘yxatga olish, ruxsat berish tartib-qoidalarini soddalashtirish, tekshirishlarni ixchamlashtirish va takomillashtirish).

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va iqtisodiyotimizga joriy etish. Hammamizga ma’lumki, iqtisodiyotni raqamlashtirilishi yashirin iqtisodiyotni sezilarli ravishda kamaytiradi. Chunki raqamlar hamma narsani muhrlaydi, xotirada saqlaydi, kerak paytda ma’lumotlarni tez taqdim etadi. Bunday sharoitda biron ma’lumotni yashirish, yashirin bitimlar tuzish, u yoki bu faoliyat haqida to‘liq axborot bermaslikning iloji yo‘q. Ushbu tizim iqtisodiyotga legal mablag‘lar oqimini oshiradi. Soliqlar o‘z vaqtida va to‘g‘ri to‘lanadi, byurokratiyaning oldini oladi, inson aralashuvi kamayadi.

Qonuniy biznes yuritish jozibadorligini oshirish. Bir haqiqatga ochiq ko‘z bilan qarashimiz lozim, qonunga zid ravishda “soya” da faoliyat yuritayotgan biznes vakillari doimo tahlika va xavotir ichida faoliyat yuritadilar. Ular nazorat qiluvchi organlar bilan turli noqonuniy yo‘llar bilan kelishishga majbur bo‘ladilar, mol-mulklarini qonuniy ximoya qila olmaydilar, davlatning qo‘llab-quvvatlovidan bebahra qoladilar(pandemiya kabi holatlarda), shuningdek, ularga bir zumda mol-mulklaridan ayrilish, ma’muriy, hattoki, jinoiy javobgarlikka tortilish kabi noxush holatlar xavf solib turadi. Ularning bu kabi behalovatliklarga rozi bo‘lishning sababi noteng shart-sharoitlar, biznes harajatlarining adolatsizligi va byurokratiya kabi sharoitlarda raqobat maydonida yashab qolishdir. Qonuniy biznes yuritish jozibadorligiga yuqoridagi illatlarni bartaraf etmay erishib bo‘lmaydi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda, tadbirkorlik faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullangan va o‘z daromadlarini yashirgan barcha tadbirkorlik sub’ektlariga amnistiya qo‘llash, ya’ni belgilangan amnistiya muddati ichida tadbirkorlar o‘z daromadlarini hech qanday to‘siqlarsiz va ortiqcha tekshiruvlarsiz qayd etib, legallashtirishlari hamda faoliyatlarini davom ettirishlari uchun qonuniy imkoniyatlar yaratish.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 27 iyul kuni yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilish va unda belgilab olingan ustivor vazifalar iqtisodiyotimizning buguni va kelajagi uchun muxim ahamiyatga ega.

Ko‘plab yaxshi iqtisodiy boshqaruvga ega bo‘lgan davlatlarda yashirin iqtisodiyotning ulushi va ta’sirini minimal darajada kamaytirishga erishilgan. Bu esa oddiy aholi turmush darajasi yuqori darajada bo‘lishiga zamin yaratgan.

TDYUU Ixtisoslashtirilgan filiali
Davlat-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri
M.S.Boltayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Milliy iqtisodiyotimizning og‘riqli joyi