“Tolibon” yangi qoida: telefon ishlatganlar ishdan haydaladi

Afg‘onistondagi “Tolibon” hukumati cheklovlar doirasida maktablarda smartfonlardan foydalanishni taqiqladi. Yangi qoidaga muvofiq, yonida smartfon borligi aniqlangan o‘qituvchilar hamda ta’lim sohasi xodimlari ishdan bo‘shatilishi mumkin. Bu haqda Kabul Now nashri ma’lum qildi.
Nashr qo‘lga kiritgan audioyozuvda ta’lim sohasi mas’ullaridan biri bu haqda gapirgan. U 13 iyundan boshlab o‘qituvchilar va barcha ta’lim tizimi xodimlari uchun mobil telefonlardan foydalanish taqiqlanganini bildirgan. Manbalarga ko‘ra, ushbu audioyozuv Balx viloyatidagi ta’lim xodimlaridan biriga tegishli.
Uning aytishicha, “Tolibon” vakillari smartfonga ega bo‘lgan shaxslar sudga topshirilishini ma’lum qilgan. Shuningdek, ularning telefonlari sindirib tashlanishi aytilgan. Bunday shaxslar egallab turgan lavozimlaridan ham ozod etilishi ehtimol qilinmoqda.
O‘tgan hafta “Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda maxsus buyruq chiqarib, harakat a’zolari hamda hukumat xodimlari uchun smartfonlardan foydalanishni taqiqlagan edi. Harbiy sudlarga yuborilgan ko‘rsatmalarda ushbu qoidani buzganlar “jinoyatchi” sifatida baholanishi ta’kidlangan.

Ularga nisbatan jazo choralari ko‘rilishi uchun ishlar harbiy sudlarga yo‘naltiriladi. Shu taqiqdan so‘ng harakat a’zolari ijtimoiy tarmoqlarda o‘z smartfonlarini sindirib tashlayotgani aks etgan videolarni ham joylashtirgan.
Taqiq sabablari va oqibatlari
Yangi tartib “Tolibon” rahbariyatining ichki intizomni kuchaytirishga qaratilgan harakati sifatida baholanmoqda. Ular bu orqali guruh a’zolari o‘rtasidagi axborot oqimini nazorat qilishni maqsad qilgan.
Smartfonlardan foydalanishni cheklash asosan xavfsizlik masalalari bilan izohlanmoqda. “Tolibon” ma’lumotlarning sizib chiqishi hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali ruxsat etilmagan kontent tarqalishidan xavotirda.
Biroq smartfonlardan foydalanishga cheklovlar Afg‘onistonni xalqaro dunyodan yanada uzib qo‘yishi mumkin. Zero, mamlakat hozirda jiddiy siyosiy va iqtisodiy muammolar bilan yuzma-yuz kelmoqda. Smartfonlar esa bugungi kunda muloqot, axborot olish, ta’lim va kasbiy rivojlanishning eng muhim vositalaridan biri hisoblanadi.





























Izohlar 0
…