Toshkent viloyatida mansabdor pora olishda qo‘lga tushdi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Toshkent viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida korrupsiya bilan bog‘liq bir qator qonunbuzarliklar fosh etildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatida tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi metodisti xususiy bog‘cha ochmoqchi bo‘lgan fuqarodan ruxsatnoma tayyorlab berish evaziga 1,5 million so‘m hamda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha ijobiy xulosa olib berish uchun 200 AQSH dollari talab qilgan. U pulni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tezkor tadbirlar davomida ushbu ishga aloqador bo‘lgan tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi katta inspektori ham 200 dollar pora olayotgan vaqtida ushlangan.
Shu bilan birga, Chimboy tumanida yashovchi ayol boshqa fuqaroga pensiya tayinlashda ish stajini sun’iy ravishda oshirib berishni va’da qilib, 7 million so‘m olgan paytida qo‘lga tushgan. Aniqlanishicha, u bu ishni vazirlikda ishlovchi o‘g‘li orqali hal qilishni rejalashtirgan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!