Toshkent avtobuslarida konditsionerlar tekshirila boshlandi

Toshkent avtobuslarida konditsionerlar tekshirila boshlandi

Transport vazirligi va «Toshshahartransxizmat» AJ Toshkent shahrida yo‘lovchi tashish sifati ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida reyd tadbirlarini boshladi.

Ma’lum qilinishicha, brutto-kontrakt tizimi doirasida poytaxt jamoat transportida belgilangan qulaylik va xizmat ko‘rsatish standartlariga rioya etilishi tekshirilmoqda.

Nazorat tadbirlari davomida avtobuslardagi konditsionerlar ishlashi va salondagi harorat ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Belgilangan talablarga ko‘ra, yoz mavsumida avtobus salonidagi harorat +26 daraja atrofida saqlanishi lozim.

Tekshiruvlar to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘nalishlarda hamda oxirgi bekatlarda o‘tkazilmoqda.

Shu bilan birga, haydovchilar bilan brutto-kontrakt talablari va ularni buzganlik uchun javobgarlik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilyapti.

Yangi baholash tizimiga ko‘ra, avtoparklarga to‘lanadigan mablag‘lar faqat bosib o‘tilgan masofaga emas, balki salon tozaligi, texnik sozlik va harorat me’yorlariga rioya qilinishiga ham bog‘liq bo‘ladi.

Mutasaddilarning bildirishicha, monitoring ishlari doimiy asosda davom ettiriladi va aniqlangan kamchiliklar tashuvchi korxonalarning moliyalashtirilishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar