Farg‘onada aka-uka uy talashib, ota-onasini o‘ldirdi

Farg‘ona shahrida uy-joy masalasi ortidan og‘ir jinoyat sodir etgan aka-ukaga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Ular o‘z onasi va o‘gay otasining o‘limiga sabab bo‘lgani aniqlangan. Sud ulardan biriga 13 yil, ikkinchisiga esa umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Bu haqda «Millar» dasturida xabar berildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, aka-uka onasiga tegishli Farg‘ona shahridagi uyni egallash maqsadida jinoiy reja tuzgan. Ular onasi va o‘gay otasidan tashqari, o‘gay ukasini ham o‘ldirishni rejalashtirgan.
Jinoyat vaqtida aka-ukalardan biri uyda yashiringan, ikkinchisi esa o‘gay otasini tashqariga olib chiqqan. Keyinchalik ular onasi va o‘gay otasining hayotiga tajovuz qilgan.
Aka-uka sodir etgan jinoyatni yashirish maqsadida marhumlarni uyda berkitishga uringan. Shuningdek, o‘gay ukasini ham o‘ldirish rejasini amalga oshirishga harakat qilgan. Biroq u qarshilik ko‘rsatib, uydan qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan.
Shundan so‘ng sudlanuvchilar xonadondagi pul va qimmatbaho buyumlarni olib, voqea joyini tark etgan.
Mazkur jinoyat ishi Farg‘ona shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, voyaga yetmagan sudlanuvchiga uzil-kesil 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Uning 27 yoshli akasi esa umrbod ozodlikdan mahrum qilingan.
Sud hukmida jinoyatning og‘irligi va sudlanuvchilarning harakatlari inobatga olingan.






























Izohlar 0
…