Qashqadaryoda otasidan qolgan qo‘ylar talash bo‘ldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Dehqonobod tumanida otasidan qolgan 275 bosh qo‘y va 5 bosh echki bo‘yicha kelib chiqqan aka-ukalar o‘rtasidagi mojaro jinoyat ishi bilan yakunlandi.
- Mojaro 2026 yil may oyida keskinlashib, bir aka-uka chorvaning bir qismini o‘ziniki deb hisoblab, uni o‘zboshimchalik bilan olib ketgan.
- Sud hukmi bilan uch kishi jazolanib, ulardan biriga 3 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi, qolgan ikkisiga esa 4 million 120 ming so‘m va 3 million 296 ming so‘m jarima tayinlangan.
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida otasidan qolgan chorva mollari sabab aka-ukalar o‘rtasida kelib chiqqan mojaro jinoyat ishi bilan yakunlandi. Sud hukmiga ko‘ra, uch kishi jazolangan.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, otasi uzoq yillar chorvachilik bilan shug‘ullangan. U vafot etganidan so‘ng, qolgan qo‘y va echkilarning kimga tegishli ekani yuzasidan farzandlari o‘rtasida nizo kelib chiqqan.
Ma’lum bo‘lishicha, bir paytlar xo‘jalikda 275 bosh qo‘y va 5 bosh echki bo‘lgan. Biroq sud jarayonida chorvaning qaysi qismi otasidan meros qolgan, qaysi biri farzandlarga avval berilgan yoki keyinchalik ko‘payganiga oid tomonlarning ko‘rsatmalari bir-biridan farq qilgan.
Mojaro 2026 yil may oyida yanada keskinlashgan. Aka-ukalardan biri chorvaning bir qismini o‘ziniki deb hisoblab, ularni ajratib olishga qaror qilgan. Bunda uning qarindoshlari va qishloqdoshlaridan ayrimlari ham ishtirok etgan. Natijada qo‘ylar podadan ajratilib, boshqa joyga haydab ketilgan.
Biroq mulkka egalik yuzasidan nizo mavjud bo‘lgan bir paytda chorvani qonuniy tartibda emas, o‘zboshimchalik bilan ajratib olib ketish jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lgan.
Sud hukmi bilan aybdorlardan biriga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Qolgan ikki kishiga esa mos ravishda 4 million 120 ming so‘m va 3 million 296 ming so‘m miqdorida jarima jazosi berilgan.
Shu bilan birga, chorva mollari va meros mulkining aslida kimga tegishli ekani yuzasidan nizo saqlanib qolgan taqdirda, tomonlarga bu masalani fuqarolik ishlari bo‘yicha sud orqali hal qilish huquqi tushuntirilgan.






























Izohlar 0
…