Internetda haqorat qilganlik uchun 176 million so‘mgacha jarima belgilanishi mumkin

Internetda haqorat qilganlik uchun 176 million so‘mgacha jarima belgilanishi mumkin

Telegram, Instagram, Facebook va boshqa internet platformalarida insonning sha’ni va qadr-qimmatini haqoratli tarzda kamsitish qonuniy javobgarlikka olib kelishi mumkin. Ayrim holatlarda bunday qilmish uchun 176 million so‘mgacha jarima tayinlanishi ehtimoli bor.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, haqoratni ommaviy tarzda, jumladan, internet yoki telekommunikatsiya tarmoqlarida e’lon qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 400 baravarigacha jarima belgilangan. Shuningdek, qonunda 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari kabi jazolar ham nazarda tutilgan.

2026 yil 1-sentyabrdan BHM 440 ming so‘m etib belgilangan. Shu hisobda jarima miqdori 88 million so‘mdan 176 million so‘mgacha yetishi mumkin. Biroq bu eng yuqori va eng quyi chegaralar bo‘lib, har bir holatda maksimal jarima tayinlanadi degani emas.

Shuni ham unutmaslik kerakki, har qanday tanqid yoki kelishmovchilik haqorat hisoblanmaydi. Huquqiy baho bildirilgan fikrning mazmuni, shakli va ishning boshqa holatlarini inobatga olgan holda beriladi.

Agar internetda haqoratga duch kelsangiz, xabarlar va izohlarning skrinshotlarini, sahifa havolasini, akkaunt nomini hamda e’lon qilingan sana va vaqtni saqlab qo‘ying. Ushbu ma’lumotlar holatni tekshirishda dalil sifatida ahamiyatli bo‘lishi mumkin.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar