O‘zbekistonning uch rahbariga xos soqchi bo‘lgan shaxs O‘zbekiston Respublikasi xavfsizlik xizmatida uzoq yillar xizmat qilgan va 1990-1992 yillarda prezident I.A. Karimovning xos soqchilari boshlig‘i bo‘lgan shaxs, zahiradagi polkovnik Muhammadqulov Sa’dullo Murodilloyevich Sputnik O‘zbekiston muxbiri savollariga javob berdi.
Muxbir: Sa’dullo aka, siz O‘zbekiston uchun og‘ir bo‘lgan vaqtda Birinchi prezident Islom Abdug‘aniyevich Karimov bilan birga ishlagansiz. Shu davr voqealari haqida gapirib bersangiz.
M.S.: Darhaqiqat men O‘zbekistonning birinchi Prezidenti uchun va mamlakatimiz uchun og‘ir bo‘lgan vaqtda Islom Abdug‘aniyevich Karimov bilan yonma-yon turib ishlaganman. 1988 yilning sentyabr oyida Afg‘onistondan qaytgandan keyin men Respublika xavfsizlik komiteti markaziy apparatining bo‘limlaridan birida ishga tayinlandim. Bu bo‘limda ikki yil ishlagandan keyin meni KGB raisining o‘rinbosari G.Aliyevning tavsiyalari bilan Komitetdagi 9 bo‘linma boshlig‘ining o‘rinbosari — xos soqchilar boshlig‘i etib tayinlashdi. Bu vazifa menga faol ishlashim uchun katta imkoniyatlarni ochib berar edi, chunki 1980-84 yillarda 9 bo‘limda xos soqchi lavozimida xizmat qilgan edim. Sovet Ittifoqi davrida 9 bo‘lim O‘zbekistonning birinchi rahbari xavfsizligini ta’minlash bilan birga, xorijiy mamlakatlardan respublikaga davlat tashrifi bilan keladigan oliy darajadagi delegatsiyalarning xavfsizligi bilan bog‘lik tadbirlarni amalga oshirar edi. Men xos soqchilar guruhining boshlig‘i sifatida ish boshlaganimda 9 bo‘linmada ancha muammolar mavjud edi;
— Birinchi Prezident I. Karimov respublikaning avvalgi rahbarlaridan farqli o‘laroq, xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan juda "noqulay raxbar" edi. Masalan, O‘zbekiston kompartiyasining birinchi kotibi etib saylangandan keyin kamtarinlik qilib, o‘zining avtomashinasiga GAI va KGB xodimlarining hamrohlik qilishiga yo‘l qo‘ymagan. Biz, ya’ni 9 bo‘linmaning yangi rahbariyati kelgan 1990 yilning oktyabrida esa, u kishining avtomashinasiga oldindan GAI ning bir mashinasi va orqadan GAI ning belgilari bo‘lmagan oddiy VAZ — 2106 "JIGULI" avtomashinasi hamrohlik qilar edi. Albatta, biz birinchi navbatda ishni o‘sha davrda mavjud Buyruq va Instruksiyalarga muvofiq tashkil qila boshladik. Bu ba’zilarga ma’qul emas edi. Lekin, biror kor-xol bo‘lsa, birinchi navbatda professional sifatida biz javobgar bo‘lishimizni bilib, mavjud sistemani tartibga soldik.
- Respublikaning avvalgi rahbari bilan ishlab, ma’lum tajribaga ega bo‘lgan faqat birgina xos soqchi — Nadjimitdinov Xurshid qolgan bo‘lib, qolgan hammalari yangi kelgan xodimlar edi. Xos soqchilik haqida alohida darslik yoki Instruksiyalar mavjud bo‘lmaganligi uchun ularni ish jarayonini tahlil qilish yo‘li bilan o‘qitish mumkin edi. Ularning ishi smenali bo‘lganligi uchun bir joyda yig‘ib dars o‘tish ehtimoli juda kam edi. Shuning uchun smenadan keyingi kunlarida biz ularning har biri bilan avvaliga 1-1,5 soatdan, keyinchalik 30-40 minut atrofida dars o‘tib, smena davomidagi faoliyatini tahlil qilar va kamchiliklarini ko‘rsatar edik. Shu yul bilan yangi xos soqchilarni tezkorlik bilan tayyorlar edik. Birinchi Prezident I.A. Karimovning xavfsizligini ta’minlash respublikamiz uchun siyosiy, iqtisodiy, ideologik va ijtimoiy sohalarda og‘ir inqirozlar ro‘y berayotgan davrga to‘g‘ri kelgan. Karimov Islom Abdug‘aniyevich 1989 yilning 25 iyunida O‘zbekiston kompartiyasining birinchi kotibi etib saylanganlarida mash’um Farg‘ona fojealari yuz bergan edi. Keyinchalik Bo‘ka, Parkent voqealari qo‘shilib respublikani larzaga keltirgan edi.
- Prezident bilan tanishish siz uchun qanday kechgan?
— Prezident men bilan birinchi marta Nukus voqealari kunlari yaqindan tanishganlar. Nukus voqealari oppozitsiya, separatist guruhlar va bevosita "Birlik" partiyasining tashabbusi bilan uyushtirilgan edi. Men xos soqchilarning rahbari sifatida Prezident safaridan oldin uchib borib siyosiy va operativ sharoit bilan tanishib, ular kelishlari bilan Qoraqalpog‘iston KGB raisi bilan birga axborot berdim. Prezident avval oppozitsiyaning faollari va rahbarlari bilan obkomning kichik zalida uchrashdilar va ularning talablarini eshitdilar.
I.A. Karimovning ajoyib odatlari bor edi. Ular katta auditoriya bilan uchrashganda so‘zga chiqqan notiqlarni eshitib o‘zlariga tezislar bilan xulosalarni yozib borib oxirida yakuniy nutq so‘zlar edilar. Nukusda ham obkomning katta zalida liq to‘la xalq bilan uchrashdilar. Jahl otiga mingan va muammolar ko‘pligidan nima qilishni bilmayotgan, oppozitsiya fikrini yoqlab chiqqan xalq bilan uchrashib, bosiqlik bilan 10-12 notiqning fikrlarini yozib oldilar.
O‘zlariga tezislarni yozib xulosalar bilan to‘ldirdilar va minbarga chiqib bir soatga yaqin vaqt ichida Koraqalpog‘istondagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoy hamda boshqa sohalardagi vaziyatni mufassal tushuntirib, xalqning o‘tmishi va kelajagi haqida so‘zlab berdilar. Oxirida xalqdan nimani xohlashini so‘radilar. Xalq bir ovozdan Avtonom respublika bo‘lib qolishni istamasligi va Mustaqil respublika bo‘lishni so‘radi. Prezident yordamchilariga qarab: "O‘rtoq Kraynov, Qoraqalpog‘istonni O‘zbekiston tarkibidagi respublikasi deb e’lon qilish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlanglar", — deb topshiriq berdilar va xalqqa qarab "Bugundan boshlab Qoraqalpog‘iston avtonom respublika emas, Qoraqalpog‘iston respublikasi deb e’lon qilaman"- deb murojaat qildilar. Xalq gulduros qarsaklar bilan prezidentning so‘zlarini tasdiqladi va o‘z xursandchiligini bildirdi.
Shunday qilib prezident katta g‘alayonlar va hunrezliklarni oldini olishga muvaffaq bo‘ldilar. Kechqurun Islom Abdug‘aniyevich mehmonxonadagi xonalariga kirganlarida men ularga hamrohlik qilib kirdim va ular mendan "Siz kim bo‘lasiz?", — deb so‘radilar. Men ularning xos soqchilari rahbari ekanligimni aytib, o‘zim haqimda axborot berdim.
Ular mening Sharof Rashidov va I. Usmonxo‘jayev bilan ishlaganimni eshitib "Sharof Rashidov haqida nima deysiz?" — deb so‘radilar. Men ulardan "Dilimdagini aytaymi yoki tilimdagini"- deb so‘radim. Ular qoshlarini chimirib bir oz o‘yladilar va "Dilingizdagini", deb aytdilar. Men Sh. Rashidov haqida kamdan kam odam biladigan ba’zi axborotni berib, oxirida "Sh. Rashidov o‘zlari xizmat qilgan tizimning qurboni bo‘ldilar" — deb yakunladim. Ular "Juda to‘g‘ri aytdingiz"- deb menga rahmat aytdilar.
- Islom Karimovni tan soqchisi sifatida ishingiz haqida gapirib bersangiz?
— Bevosita ish haqida gapirganda, prezident va uning oila a’zolarini qo‘riqlash ham faxrli, ham juda og‘ir va mashaqqatli ish edi. Lekin bizning baxtimiz shunda ediki, G‘ulom Aliyevich Aliyev hamma ishda bizga suyanishga harakat qilar edilar. U kishi Qashqadaryoda prezident bilan birga ishlaganlari uchun ularning munosabatlari juda yaxshi edi.
Shuning uchun juda ko‘p masalalarni G.Aliyev orqali hal qilar edik. Men ishga tayinlanganimdan keyin xos soqchilarning bevosita rahbari sifatida Prezidentning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlash maqsadida ular bilan tanishishim kerak edi. Men prezidentning umr yo‘ldoshlari Tatyana Akbarovna bilan birinchi marotaba uchrashib ikki soatlik suhbat davomida juda ko‘p masalalarni hal qilib oldim.
Prezident xaqida Tatyana Akbarovnadan ularning odatlari, hislatlari, nimani yoqtirishlari-yu, nimadan jahllari chiqishlari, qarindosh-urug‘lariga bo‘lgan munosabatlari va boshka ko‘pgina ma’lumotlarni oldim. Bu menga prezidentning psixologik portretlarini yaratishimga katta yordam berar edi.
Men avvaldan tanlangan va tayyorlangan xos soqchilarni Tatyana Akbarovna bilan tanishtirib, Tatyana Akbarovna bilan xayrlashdim va istagan vaqtda, agar zarur bo‘lsa, yarim kechada ham meni chaqirish mumkinligini aytib, telefonlarimni berdim. Xizmat davrida prezident va oila a’zolarining xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘lik juda ko‘p masalalarni hal qilishda Tatyana Akbarovna bizga katta yordam berdilar.
Men esa, o‘z navbatida, xavfsizlik bilan bog‘liq ularning hamma masalalarini hal qilishda o‘z yordamimni ayamadim.
Prezident bilan eng og‘ir vaziyatlarda, u kishining asablari hamma vaqt tarang tortilgan vaqtlarda, u kishining hali xalqaro miqyosda tanilmagan, endi prezident sifatida shakllanayotgan vaqtlarida birga bo‘lganimdan g‘oyatda faxrlanaman. Men ular bilan juda ko‘p ishlamadim, lekin 2 yilga yaqin vaqt mobaynida prezident va ularning oila ’zolarining xavfsizligini ta’minlashni muvaffaqiyat bilan amalga oshiradigan sistemani, ya’ni prezident Xavfsizlik xizmatini yaratishda faol ishtirok etdim.
O‘zbekistonda I.Karimovning katta muvaffaqiyatlaridan biri Prezident boshqaruvini kiritgani bo‘ldi. Nima uchun? Buning bir necha sabablari bor.
— 1989 yilning iyun oyidagi Farg‘ona voqealari, keyinchalik Bo‘ka va Parkent voqealari respublikada yakkahokimlikning zarurligini taqozo qildi.
— KPSS ning obro‘si tushayotgan bir paytda, uni almashtirish mumkin bo‘lgan yangi sistemani tashkil etish kerak edi.
— SSSR ning inqirozi anarxiya va xaosga olib kelishi, davlatchilikda esa bo‘shliq paydo bo‘lib Tojikistondagi voqealar O‘zbekistonga ko‘chishi mumkin edi, shuning uchun qattiqqo‘llik bilan boshqarish usulini topish kerak edi.
— O‘zbekistondagi norasmiy tashkilotlar harakatining ekstremizm yo‘liga kirayotganligi, ularning Tojikiston yo‘lidan borish maqsadida norasmiy diniy harakat bilan birlashish, hamda diniy fanatizm va milliy ekstremizmni birlashtirib "Sovetlar tuzumiga qarshi kurash olib borish" niqobi ostida grajdanlar urushini keltirib chiqarish xavfi yaqqol ko‘rinib turar edi. Buni oldini olish uchun ham qattiqqo‘llik bilan qat’iy qarorlarni operativ ravishda qabul qilish zarur edi.
— Qudratli, uzoq yillardan beri ishlayotgan va odamlar ongiga singib borgan sistema buzila boshlashi bilan uning o‘rniga yangisini tuzish uchun katta to‘siqlar va qarshiliklar paydo bo‘lishining mumkinligi, ularni yengib o‘tish uchun yangi kuchli sistema kerak edi. O‘sha vaqtdagi og‘ir siyosiy va iqtisodiy sharoitda I. Karimovning boshqa respublikalar rahbarlaridan tezroq va oldinroq bu muammolarni tushunib yetgani va hal qilgani, hamda O‘zbekistonning prezidenti sifatida Moskvaga borgani ko‘pchilik uchun kutilmagan hol edi. Hatto, o‘shanda M. Gorbachev zaxarxandalik bilan "Endi biz 16 Prezidentga ega bo‘lar ekanmiz-da?", deb aytganda, I.Karimov "Ha, kerak bo‘lsa undan ham ko‘p bo‘ladi", —deb javob bergan edi.
Keyinchalik esa, bir tomondan B.Yelsin I.Karimovga qoyil qolib uning islohotlar yo‘lini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan prezidentlar soni 16 emas 30 dan ham oshib ketdi. Prezident I.A. Karimovning o‘sha davrda Moskvadagi rahbarlar bilan bo‘layotgan murakkab munosabati, keng miqyosdagi dunyoqarashga, oliy darajadagi intellektual salohiyatga, kuchli operativ va strategik fikrash qobiliyatga, turli sohalarda ishlab katta tajribaga ega ekanliklari, hamda qo‘rqmas, adolatli va mohir raxbar ekanliklari, turli og‘ir va chigal siyosiy, iqtisodiy va boshqa muammolarni tezlik bilan hal qila olishi ba’zi rahbarlarga yoqmas edi.
Farg‘ona, Bo‘ka va Parkent voqealari asoratlaridan qutulish, mash’um "Paxta ishi" doirasida qamalgan respublika fuqarolarni ozod qilish va oqlash uchun prezidentning Moskvadagi turli tashkilotlar rahbarlari bilan olib borayotgan keskin kurashlari ularning xavfsizligiga ham tahdid solar edi.
Shularni hisobga olib, biz sobiq SSSR da birinchi bo‘lib 1990 yilning oxirida "O‘zbekiston respublikasi Prezidenti xavfsizlik xizmati" ni tashkil qildik. Bu PXX ni tashkil qilishda rivojlangan mamlakatlar rahbarlarining xavfsizlik xizmatlari tajribasidan foydalandik. Hali SSSR mavjud bo‘lgan vaqtda, konservativ bo‘lgan SSSR Davlat xavfsizlik komiteti rahbariyatidan yangi va xalqaro talablar asosida tashkil qilinayotgan MXX ga ruxsat olish oson emas edi.
Biz ish boshlagan 1990 yilning boshlarida SSSR ning taqdirini hal qilish maqsadida M.Gorbachyov boshchiligidagi komissiya juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi. 1990-yilning oxiri va 1991-yilning boshida I.Karimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyalari haftada 1-2 marta Moskvaga borib kelar edi. Bu safarlarning asosiy maqsadi SSSR o‘rnida Federatsiya yoki Konfederatsiya tashkil qilish masalasini hal qilishda qatnashishdan iborat edi.
Kamida 8 yoki 9 variantdagi shartnomalarni tuzgandan keyin Litva voqealari, Tojikiston voqealari va Ozarbayjon voqealari respublikalar rahbarlarining bu masalaga bo‘lgan munosabatlarni salbiy tomonga o‘zgartirib yubordi.
— 1991 yilning iyunida G.A. Aliyev meni ta’tildan shoshilinch chaqirib olib menga PXX (Prezidentning Xavfsizlik Xizmati) boshlig‘i vazifasini bajarishni topshirdi. O‘sha yilning avgust oyida Prezidentning Hindistonga rasmiy tashrifi ko‘zda tutilgan edi. Menga bu tashrifning xavfsizlik nuqtai nazaridan tashkil qilish masalasini hal etish topshirildi. Bu o‘ta muhim va sharafli vazifa edi.
Bu Prezident I.A. Karimovning birinchi xorijiy rasmiy tashrifi edi. Hali xorijga Prezident sifatida rasmiy tashrif bilan biror marta bormagan Prezidentning birinchi tashrifini tashkil qilish uchun juda ehtiyotlik va mohirlik bilan harakat qilish kerak edi. Prezidentning Hindistonga qilgan tashrifi haqida alohida so‘z yuritishga to‘g‘ri keladi.
Rasmiy tashrif haqida Farmoyish chiqqandan keyin bu tashrifni tashkil qilish uchun o‘sha vaqtda Vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari B.Hamidov, Prezident mahkamasi bo‘lim boshlig‘i F.Teshaboyev, TIV bo‘lim boshlig‘i A. Rasulev va PXX boshlig‘i vazifasini bajaruvchi S.Muhammadqulovlardan iborat ishchi guruh tuzildi. Bu guruhning asosiy vazifasi Hindistonga borib, Prezidentning rasmiy tashrifi bilan bog‘lik hamma muammolarni hal qilishdan iborat edi. Ishchi guruh Hindistonga 4 kunga borib hamma masalalarni muvaffaqiyat bilan hal qilib keldi. Ammo 4 kun ichida juda ko‘p muammolarni hal qilishga to‘g‘ri keldi.
Bu muammolardan eng kattasi Prezident I.A. Karimov Hindiston Prezidentining taklifiga binoan tashrif buyurishi kerak edi. O‘zbekiston Prezidentining o‘z oldiga qo‘ygan masalalaridan eng asosiysi Hindiston Bosh vaziri bilan uchrashish edi. Ammo Tashqi ishlar vazirligi esa bizga rad javobini berdi. Ular Hindistonday buyuk davlatning Bosh vaziri SSSR ning alohida respublikalari Prezidentlarini qabul qilmaydi, shu ketishda erta — indin 16 ta Prezidentni qabul qilishiga to‘g‘ri keladi deb bahona qilishdi.
Lekin ishchi guruh qat’iylik bilan guruh oldiga qo‘ygan maqsadlarni amalga oshirishga harakat qilar edi.
Xulosa qilib aytganda, bu muammolar katta tortishuv va bahslardan keyin xal kilindi. I.A. Karimov o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlarini amalga oshirdilar va Hindiston Bosh vaziri bilan uchrashib ko‘p mummolarni hal qilishga erishdilar. Prezidentimiz I. A. Karimovning Hindistonga qilgan safarlari u kishiga juda qattiq ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Hindistonda yurib afsus bilan "Agar samarqandliklar va andijonliklar Boburni o‘z shaharlaridan quvmaganlarida Hindiston shaharlarida qurilgan madaniy yodgorliklar O‘zbekistonda qurilar edi, bundan esa xalqimiz juda ko‘p ma’naviy va moddiy foyda olar va vatanimizning obro‘siga yana obro‘ qo‘shilar edi", — deb aytgan edilar.
— Dunyodagi mo‘’jizalardan biri "Toj Mahal" ularga juda ham qattiq ta’sir qildi. Ustalar oq marmardan qurilgan bu binoni qurishda o‘sha davr arxitektura, qurilish va fanining barcha muvaffaqiyatlaridan foydalanganlari, qurilish materiallari sifatida eng nozik va sifatli 20 dan ortiq xil qimmatbaxo toshlar bilan bezatilganligi, simmetriya qoidalarining millimetrgacha hisobga olinganligi, ziyoratchilar uchun alohida mehmonxona va machitning qurilgani, butun bir salobatli kompleksni tashkil kilgani u kishini lol qoldirdi.
— Hindistonda Boburiylar sulolasi tomonidan qurilgan qasrlar, machitlar, ulkan inshootlar va maqbaralarni ko‘rib hayotning achchiq haqiqati — "oqar suvning qadri yo‘q", degan iborani yana esladilar.
— Maxatma Gandi, J. Neru, Indira Gandi va R. Gandi qabrlarini ziyorat qilish, R.Gandining uyida bo‘lib uning xotini Soniya Gandi va bolalari bilan suhbat qilish ular uchun alohida unutilmas voqea bo‘ldi…
Hindiston tashrifining tugashiga 2 soat qolganda, ya’ni delegatsiyaning rasmiy tashrifi yakunlanib, Dehlidan Agraga uchib kelib, "Toj Mahal" ni ziyoratidan keyin "Xumoyun" mehmonxonasiga kelganimizda "Moskvada GKChP hokimiyatni o‘z qo‘liga olibdi", degan xabarni oldik. Prezident meni chaqirib hoziroq uchib ketishimizni ta’minlashni so‘radilar. Men G.M.Rafiqov bilan Agra Aeroportiga kelib muddatidan 1,5 soat oldin delegatsiyaning Toshkentga qarab uchishini ta’minlashga yordam berdim va prezidentning qarorgohiga telefon qilib axborot berdim.
Shunday qilib O‘zbekistonning birinchi Prezidenti I.A.Karimovning birinchi xorijiy rasmiy tashrifi Hindistondek buyuk davlatga bo‘lib, bu ham bo‘lsa ota-bobolarimiz qurgan mo‘’jiza "Toj Mahal" ni ziyorat qilgandan keyin "Xumoyun" mehmonxonasiga kelganda O‘zbekistonning mustaqilligidan darak beruvchi voqealarning boshlanishiga to‘g‘ri keldi. Balki bu Ollohning prezidentimizga qilgan inoyatidir.
Bu voqeadan keyingi 1 hafta —10 kunda juda muhim va tarixiy voqealar yuz berdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy kengashining navbatdan tashqari sessiyasida (31 avgust 1991 yil) prezidentimiz 1 — sentyabrni O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni deb e’lon qildilar.
Darhaqiqat bu tarixiy kun bo‘lib qoldi. Islom Abdug‘aniyevich Karimov hali O‘zbekiston kompartiyasi markaziy komitetining birinchi kotibi bo‘lgan vaqtlaridayok xalqimiz uchun o‘ta muhim qarorlarni qabul qilgan edilar.
Yuqorida qayd etilgan Farg‘ona, Bo‘ka va Parkent voqealarining asl sabablarini tahlil qilib, asosiy sabablaridan eng kattasi yer masalasi va iqtisodiy sharoitning og‘irligi, bundan esa siyosiy va ijtimoiy inqiroz kelib chiqayotganini bilgan holda, Moskvadan so‘ramasdan, 400 ming gektarga yaqin yerni 2,5 million oilaga tomorqa sifatida bepul taqsimlashga qaror chiqardilar. Agar sovetlar boshqargan 70 yil mobaynida O‘zbekistonda 300 ming gektar tomorqa sifatida berilganligini inobatga olsak, bu qaror qanday ulkan ahamiyatga ega ekanligini tushunish kiyin emas.
Bu qaror xalqimizning tinch-totuv yashashini ta’minlaydigan ulkan omil edi, chunki endi xalq yaratuvchilik yo‘lini tanlagan edi. Birinchi prezidentimizning xalqimiz va davlatimiz uchun yana bir katta yaxshiliklari O‘zbekiston kompartiyasi taqdirini to‘g‘ri hal qilganlari edi.
Ma’lumki, Rossiya Prezidentining ikki qarori SSSR ning tarqalishi uchun katta zamin tayyorladi. Birinchisi "Rossiyaning suveriniteti haqida", ikkinchisi esa "KPSS ning faoliyatini to‘xtatish haqida" gi Farmoni edi. B. Yelsinning "KPSS ning faoliyatini to‘xtatish haqida" gi Farmoni 19 million partiya a’zolarining davlatga va KPSS ga bo‘lgan ishonchini so‘ndirdi.
Ittifoq, respublika, o‘lka, oblast, rayon va katta zavod-fabrikalar partiya tashkilotlarining minglab xodimlarini ko‘chaga uloqtirdi. Natijada, bu xodimlarning oilalariga ham katta zarba berildi. Tez orada Rossiyada yuzlab partiya, harakat va boshqa tashkilotlar tuzilib mansab uchun kurashlar avj olib ketdi.
Islom Abdug‘aniyevich esa, bu masalaga ham, insoniylik nuqtai nazardan va g‘amxo‘r rahbar sifatida qarab, O‘zbekiston kompartiyasi o‘rnida O‘zbekiston xalq demokratik partiyasini tashkil qilib, partiya a’zolariga hurmat va e’tibor ko‘rsatdilar, hamda partiya tashkilotlarining turli pog‘onalarida xizmat qilayotgan minglab xodimlarini himoya qildilar. Keyinchalik bu xodimlardan saralab olib davlatning boshqa organ va tashkilotlaridagi turli lavozimlarga tayinladilar.
Prezident I.A. Karimovni ba’zi ommaviy axborot vositalari qattiqqo‘l, demokratiya prinsiplariga itoat qilmaydigan rahbar sifatida ko‘rsatishga harakat qilmokdalar. Ammo 1991 yilda diniy ekstremistlar tomonidan Namanganda tashkil etilgan ommaviy tartibsizliklarni eslasak birinchi Prezidentimizning kanday xislatlarga ega ekanliklarini tushunib olamiz.
O‘zbekkistonning yangi tarixida Namangan voqealari nomi bilan kirgan bu dahshatli kunlarda, Islom Abdug‘aniyevich hech narsadan qo‘rqmasdan, 3-4 ta rahbar va 2 nafar xos soqchilari bilan davlatga nisbatan keskin salbiy kayfiyatdagi olomon ichiga kirib borganlari, xalqdan respublikaning rahbarlari va hukumati nomidan kechirim so‘rab mamlakatning og‘ir siyosiy va iqtisodiy sharoitlarini tushuntirib olomonni tinchitganlari tahsinga sazovor emasmi? Namangan viloyatida keyingi yillarda diniy ekstremistlar tomonidan davlat va xalqqa nisbatan amalga oshirilgan jinoyatlar Islom dini tarkibida paydo bo‘lgan turli ekstremistik tashkilotlarga nisbatan prezident o‘z munosabatlarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldilar. Respublikadagi hamma sohalarda og‘ir sharoit vujudga kelgan davrda Prezident I.A. Karimov donishmandlik bilan siyosat olib bormaganlarida xalqimiz boshiga katta kulfatlar tushishi aniq edi. Tojikiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Armaniston va Ukraina respublikalaridagi qonli voqealar Prezident Karimovning to‘g‘ri siyosat olib borganlarini isbotlaydi.
Shuning uchun shunday og‘ir vaqtlarda Birinchi Prezident yonlarida turib ularga xos soqchilarining boshlig‘i sifatida xizmat qilganimdan faxrlanaman. Prezidentning Samarkand, Buxoro, Xiva, Qarshi, Termiz va Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarning yubileylarini o‘tkazganlari O‘zbekistonni YuNESKO xalqaro tashkiloti yordamida dunyoga tanishtirishga erishganlari katta ahamiyatga ega.
Birinchi Prezidentimizning tashabbuslari bilan Amir Temur, Ulug‘bek, Bobur, ibn Sino, Motrudiy, Termiziy, Ismoil Buxoriy, G‘ijduvoniy, Naqshbandiy, Farg‘oniy, Marg‘iloniy va boshka buyuk vatandoshlarimizning yubileylarini o‘tkazilishi mamlakatimiz obro‘sini xalqaro miqyosda ko‘tarishga xizmat qildi.
Respublikaning avvalgi rahbarlaridan qolgan Farg‘ona voqealari, "Paxta ishi" ga o‘xshagan sun’iy ravishda yuzaga keltirilgan tashvishli muammolarni hal qilgani, Sh.R. Rashidovning 75 yillik yubileyida nutq so‘zlab "Sh. Rashidov siyosiy reabilitatsiyaga muhtoj emas, chunki u kishi siyosiy jinoyat qilgani yo‘q" — deb aytgan so‘zlari uchun xalqimiz Prezident I. A. Karimovdan hamisha minnatdor bo‘lib qoladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi