Farg‘onada 3 ta avtomobil yonib ketdi, qurbonlar bor

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 3 ta avtomobil yonib ketdi va 2 nafar fuqaro halok bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 16 iyun kuni soat 22:16 da viloyat FVBga “112” tizimi orqali Yozyovon tumanidagi “Soy bo‘yi” mahallasi hududida avtomobil yonayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabardan so‘ng qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, qisqa vaqt ichida yong‘inni bartaraf etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Soy bo‘yi” mahallasida joylashgan qarovsiz noturar binodan 60 kvadrat metr maydon hamda Labo, Hyundai va Mercedes-Benz rusumli 3 ta avtomobil yongan.
Hodisa joyiga viloyat FVB rahbariyati, tuman FVB mas’ullari va hamkor tashkilotlar xodimlari chiqqan.
Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida 2 nafar fuqaro halok bo‘lgan, yana 3 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Ayni vaqtda holat yuzasidan tegishli tekshiruv ishlari olib borilmoqda.





























Izohlar 0
…