Pavel Durov Meta va Reliance kompaniyalarini Telegram faoliyatiga toʻsqinlik qilishda aybladi

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Hindistonning eng yirik telekommunikatsiya operatori Reliance kompaniyasini global miqyosda messenjer faoliyatini cheklashga urinishda aybladi. Durovning soʻzlariga koʻra, ushbu kompaniya oʻzining texnik imkoniyatlaridan foydalanib, nafaqat Hindiston hududida, balki uning chegaralaridan tashqarida ham millionlab foydalanuvchilar uchun Telegram tarmogʻiga kirishni bloklab qoʻygan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu holat BGP hijacking (Border Gateway Protocol — marshrutlash protokoli oʻgʻirlanishi) usuli orqali amalga oshirilgan. Natijada Telegram foydalanuvchilari, jumladan, Birlashgan Arab Amirliklaridagi yuz minglab odamlar messenjerga ulanishda jiddiy muammolarga duch kelishdi. Durov bu harakatlarni ataylab uyushtirilgan sabotaj deb atadi, chunki Reliance operatori yuzaga kelgan nosozliklar borasidagi koʻplab murojaatlarni eʼtiborsiz qoldirgan.
Raqobat va Meta bilan bogʻliqlik
Pavel Durovning fikricha, bunday texnik hujumlar ortida raqobat urushi turgan boʻlishi mumkin. Gap shundaki, Reliance kompaniyasining bir qismi Meta korporatsiyasiga (WhatsApp egasi) tegishli hisoblanadi. Telegram asoschisi global marshrutlash tizimidan bu tarzda suiisteʼmol qilinishi shubhali ekanini taʼkidladi. "Agar Reliance va WhatsApp Hindistonda Telegram’ni taqiqlash boʻyicha lobbi harakatlari ortida turgan boʻlsa, bundan aslo hayron boʻlmayman", — deb yozdi u oʻz kanalida.Messenjer maʼmuriyati boshqa aloqa operatorlariga murojaat qilib, Reliance (AS18101) tomonidan yuborilayotgan ruxsatsiz BGP eʼlonlarini rad etishni tavsiya qildi. Bu choralar internet marshrutlarining oʻgʻirlanishini toʻxtatish va foydalanuvchilar uchun barqaror aloqani taʼminlash uchun zarurdir.
Blokirovkaning toʻxtatilishi
Durovning ushbu bayonoti eʼlon qilinganidan toʻrt soat oʻtgach, Reliance kompaniyasi zararli marshrutlashni toʻxtatishga majbur boʻldi. Shundan soʻng messenjer faoliyati barcha hududlarda qayta tiklandi. Telegram rahbari oʻz auditoriyasiga va texnik hamjamiyatga ushbu muammoni ommalashtirishda koʻrsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.Taʼkidlash joizki, Hindiston Telegram uchun eng yirik boʻzorlardan biri hisoblanadi. Avvalroq ushbu mamlakatda messenjerga nisbatan turli cheklovlar qoʻllashga urinishlar boʻlgan edi. Durov bu kabi harakatlarni xato deb hisoblaydi va ochiq raqobat oʻrniga texnik toʻsiqlar yaratish foydalanuvchilar huquqlarini poymol qilishini qayd etdi.
Hozirda Telegram butun dunyo boʻylab, jumladan, Oʻzbekistonda ham odatdagi rejimda ishlamoqda. Mutaxassislarning fikricha, BGP protokoli bilan bogʻliq bunday hodisalar zamonaviy internet xavfsizligi naqadar nozik ekanini va yirik provayderlar xalqaro trafikni manipulyatsiya qilishi mumkinligini yana bir bor koʻrsatdi.






























Izohlar 0
…