21:26 / 07.01.2025
238

Aktrisa Jamila Gʻofurova tugʻuruq jarayoni haqida: “Bir oʻlib, tirildim”

Aktrisa Jamila Gʻofurova tugʻuruq jarayoni haqida: “Bir oʻlib, tirildim”
San'atda bir oz muddat tanaffus qilgan, bosh rollarda koʻrinmay qolgan, ammo iste'dodli, taniqli kino va teatr aktrisasi Jamila Gʻofurova intervyu berdi. Intervyu davomida u farzandlari, ikkinchi turmush oʻrtogʻining katta qizi bilan munosabati hamda oʻgʻlini dunyoga keltirish chogʻida bir oʻlimdan qolgani haqida gapirdi.

“Oʻzimga insof soʻrayman, ba'zi harakatlarimni toʻgʻrilashim kerak”

Jamila Gʻofurova avvallari shoʻx-shodon boʻlgan boʻlsa-da, endilikda onalik va ayollik vazifalarini toʻliq ado qilyapti. U yil sari ulgʻayib borayotgani va farzandlari onasi haqida yomon gap eshitmasligi uchun harakat qilishi haqida quyidagicha soʻzladi.

Foto: Instagram
— Birinchi farzandim Shirina katta qiz boʻlyapti, undan keyin yana bir qizim, oʻgʻlim ham bor — shu vaqtlarda oʻzimga “Endi ulgʻayishim kerak” deb soʻz berdim. Har kuni oʻzimga yoqmaydigan bir xatoyimni toʻgʻrilab borishga harakat qilaman va Allohdan boshqalarga emas, oʻzimga insof soʻrayman. Qizlarimning orqasidan sovchi kelishini, oʻgʻillarim doʻstlarining yonida bosh koʻtarib yurishini oʻylayman. Ulgʻayayotganim oʻzimga juda yoqyapti, juda ham. Qaniydi hozirgi oʻylovim 20 yil avval boʻlganda edi.

Foto: Instagram
Kun kelib toʻrtta farzandning onasi boʻlishimga, uyda oʻtirib bugun oʻzi qaysi kun, qaysi sana deb qolishimga hech ishonmasdim. Sababi tinib-tinchimaydigan, syomkalardan ortmaydigan, bir tadbirdan chiqib ikkinchisiga yuguradigan qiz boʻlganman. Ammo tunda farzandlarimning uxlab yotganini koʻrish juda yoqimli, shu kunlarga etib kelganimga behisob shukr qilaman, deydi Jamila Gʻofurova.

“Farzandlarim dadasidan qoʻrqadi, bu menga yoqadi”

Aktrisa turmush oʻrtogʻi, uning kimligi va shaxsiyati haqida gapirishni yoqtirmaydi, ammo oʻzining suyukli rafiqa, sevimli ona va ogʻir-bosiq uy bekasi boʻlishida erining oʻrni toʻgʻrisida gapirib oʻtdi. U nafaqat oʻziga turmush oʻrtoq, balki qizi Shirina uchun ham uni oʻz farzandidek koʻradigan ota tanlashi kerak boʻlgan.

Foto: Instagram
— Turmush oʻrtogʻim qattiqqoʻl inson. Bu qoʻrquvda yashamayman, degani emas, ularni hurmat qilaman. Aynan shu jihatlarga menga koʻp asqatadi — uyga kirib kelganlaridan soʻng farzandlarim 99 foizga oʻzgaradi, uyimizda boshqa muhit paydo boʻladi. Rosti, oʻsha vaqtda men dam olaman. Farzandlarim dadasidan qoʻrqadi, bu menga yoqadi. Uyimizdagi har bir ish erimning roziligi bilan boʻladi.

Biz oilada besh farzand boʻlganmiz, koʻpchilikning ichida katta boʻlganim sababli oʻzimning oilam ham katta boʻlishini xohlardim. Mana turmushga chiqdim, farzandlarimni koʻpaytirdim. Erim qattiqqoʻlligini aytdim, hadeb urush-janjal boʻlaversa oila ajrashib ketishi mumkin. Jahli tez deb ajrashib ketavermayman-ku. Shu sababli biz kelishib olganmiz — erim jahlda payti men ogʻirroq boʻlib turaman.

Foto: Instagram
Erkaklar san'atkor ayolga uylanayotganda uning san'at vakili ekanini bilib uylanadi-yu, ammo keyinchalik baribir ayolini oʻzgartirmoqchi boʻladi. Turmush oʻrtogʻimga meni oʻzgartirishga harakat qilmang, men sizni boringizcha qabul qilib yashab kelyapman-ku, deyman. Meni oʻzgartirishga urinmang, meni borimcha qabul qilsangiz biz judayam chiroyli oila boʻlamiz. Men oʻzimni yaxshi his qilaman, siqilmayman, bolalarga ham etarli mehrimni beraman va oʻz ishimni ham sevib qilaman — qarabsiz-ki, mendan baxtli ayol yoʻq, deb koʻp takrorlayman, dedi aktrisa.

“Qizim va turmush oʻrtogʻimning munosabatiga aralashmayman”

Aktrisa turmush oʻrtogʻi va qizining munosabati avval va bugungi kunda qay darajada ekani haqida gapirdi.

Foto: Instagram
— Otasi qizimga ozroq dakki berib yo tergab qoladigan paytlarda qizim Shirina juda xafa boʻlib qolardi. Otasi ham bundan ranjib, qizim-ku axir, ota boʻlib ozroq gapirsam nima boʻlibdi? Aksincha, urishmasam oʻgay boʻlib qolaman-ku, derdi. Bu bir necha yil avvalgi holat. Yashirmayman, oʻsha paytlarda siqilib qolgandim. Ammo hozir qizim 15 yosh boʻlsa-da, katta qizlardek fikrlaydi. Nima boʻlgan taqdirda ham men uchun bu inson Shirinaning otasi, 7-8 yoshidan beri shunday boʻlib kelgan. Birga yashaymiz, munosabatlariga koʻp ham aralashavermayman, oddiy ota-qiz munosabati, deydi aktrisa.

Shirina qizimni 25 yoshimda dunyoga keltirganman, yaxshiyam shu qizimni tugʻgan ekanman deyman. Kichik ukasini hozir oʻzi katta qilyapti, menga yordamchi. Shu qizim uchun ham uka va singillarini tugʻganman, kun kelib jigarlar kerak boʻladigan paytda nega mening uka-singlim yoʻq, deb mendan oʻksimasin degan oʻy boʻlgan, deydi toʻrt farzandning onasi Jamila.

“Tugʻruq vaqtida yuragim toʻxtab qolgan”

Jamila Gʻofurova 2024 yilning 23 martida toʻrtinchi bor onalik baxtiga erishdi — oʻgʻil farzandli boʻldi. Ammo bu baxt aktrisaga osonlikcha kelgani yoʻq, u bir oʻlib, tirildi.

Foto: Instagram
— Farzandim 30 haftalik tugʻilib qoldi, kichik oʻgʻlimni muddatdan avval dunyoga keltirdim. Men borgan tugʻruqxonadagi shifokorlar Allohning izni bilan menga ikkinchi marta hayot berdi. Shunchalik ogʻir ahvolda shifoxonaga borgandim-ki, 5-10 daqiqaga yuragim toʻxtab qolgan. Hushimdan ketgandim, oʻsha paytdagi hamma gapni ham eslolmayman. Ammo bir gap aytishgan: “Bu sanani eslab qoling, Jamila, bu sizning tugʻilgan kuningiz”. 23 martda men qaytadan “dunyoga keldim”. Hozir qanchalik kuchli shifokorlar menga yordam berganini oʻylab, ulardan doim minnatdor boʻlib kelaman. Oʻsha vaqtlar yaqinlarim meni yolgʻizlatib qoʻymadi, turmush oʻrtogʻim, otam va ikkinchi onam, ya'ni dadamning ikkinchi ayoli, akam va kelinoyim, dugonalarim kelib holimdan xabardor boʻlib turishdi. Depressiyaga tushib qolishimga oz qolgandi, ammo meni bu holatga tushishimga jim qarab turishmadi, ularning barchasidan minnatdorman, deydi aktrisa Jamila Gʻofurova.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat