
2025 yilgi aprel quruq ob-havo bilan boshlanadi, deya xabar bermoqda «O‘zgidromet» agentligi.
O‘zbekistonda, odatda, aprel oyi – bahor faslining eng o‘rtasi bo‘lib, bunda bog‘larda daraxtlar gullashi, sabzavot ekinlari va rezavor mevalar hosili shakllanishining boshlanishi davridir.
Bu yilgi aprelning birinchi besh kunligida havo harorati +22…+25 darajadan +27…+30 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +32 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Oyning ikkinchi besh kunligida havo harorati asosan +22…+27 darajani tashkil etadi.
7 aprelda respublika shimolida, 8–10 aprel kunlari markaziy va sharqiy hududlarda ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
Oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari +8…+13 darajadan +2…+7 darajagacha, kunduz kunlari +25…+30 darajadan +10…+15 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
O‘tgan yillarda aprel oyi qanday o‘tgan?
Sinoptiklarga ko‘ra, odatda, aprel oyida havo harorati tez ko‘tarilishi davom etadi. Respublikaning katta qismida oyning o‘rtacha harorati mart oyiga nisbatan 5–7 darajaga yuqori bo‘ladi. Shimolda va cho‘l hududlarida havo jadalroq isiy boshlaydi, bunda aprelning o‘rtacha harorati mart oyi qiymatlaridan 8–10 darajaga ko‘p bo‘ladi.
O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixida 2022 yilning aprel oyi eng issiq bo‘lgan (me’yordan 3–5 darajaga yuqori). Ushbu asrda hududning katta qismida 2009 yilning apreli eng sovuq bo‘ldi.

Apreldagi harorat foni ko‘pincha bahoriy beqaror bo‘ladi. Havoni bahoriy tez isishi qisqa davrga, ammo ba’zida juda sezilarli sovuqlar bilan davom etadi.
Eng issiq davrlarda havo harorati kunduz kunlari +28…+33 darajagacha ko‘tariladi. Mutlaq maksimal harorat (kuzatuvlarning barcha qatori uchun eng yuqori qiymatlar) +35…+37 darajani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +38…+39 darajani tashkil etadi.
Sovuq davrlarda, mart oyidagi kabi tez-tez emas, lekin ba’zida tungi harorat darajasi sovuqqacha pasayadi. Aprel – yil davomida eng nam oylardan biridir.
Yomg‘ir, odatda, momaqaldiroq va kuchli shamollar bilan tez-tez kuzatiladi. Respublika shimolida, eng chekka janubida va cho‘l hududlarda o‘rtacha oyiga 5 kundan 8 kungacha yog‘ingarchilik qayd etiladi, tog‘larga yaqinroq hududlarda esa yog‘ingarchilik kuzatiladigan kunlar soni 9–13 kungacha ko‘payadi.
Meteorologik kuzatuvlar tarixi davomida aprelda juda quruq kunlar ham kuzatiladi, hududning katta qismida oy uchun yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 5–30 foizga oshmagan va ba’zi joylarda ular umuman kuzatilmagan. Bunday holat 1975 yil aprel oyida qayd etilgan edi. Toshkentda yomg‘ir atigi ikki marta yog‘gan va oy davomida yog‘ingarchilik miqdori 2 millimetr (normaning 3 foizi)ni tashkil etgan.
Bu oyda yog‘ingarchilikning o‘ziga xos xususiyati uning hudud bo‘yicha tarqalishi o‘ta notekisligidir. Shunday aprel oylari ham kuzatilganki, respublikaning ayrim hududlarida yog‘ingarchilik bir oy ichida me’yordan 3–5 marta ko‘p bo‘lgan.
Masalan, meteorologik kuzatuvlar tarixida 1990 yil aprel oyi Toshkentda eng yomg‘irli bo‘lib, bunda oy davomida yog‘ingarchilik oylik me’yordan 300 foiz atrofida bo‘lgan, yog‘ingarchilik kuzatilgan kunlar soni 19 (me’yor 13 kun bo‘lganda) kunni tashkil etgan.
1990 yil 8 aprel kuni Toshkentda aprel oyida bir kecha-kunduzlik yog‘ingarchilik miqdori 65 millimetr bo‘lgan (oylik me’yor 62 millimetr) mutlaq rekord o‘rnatilgan.
Yog‘ingarchilik taqsimoti o‘ta notekisligi ba’zan hatto bir xil hududda ham namoyon bo‘ladi. 2023 yil 2 aprel kuni Toshkentda momaqaldiroq, shamol kuchayishi, ba’zi joylarda do‘l yog‘ishi bilan kuchli jala yomg‘ir yog‘ishi kuzatildi. Bunda yog‘ingarchilik miqdori 2,5–3 soatda: teleminora hududida – 10 millimetr, Toshkent Observatoriya meteostansiyasi hududida (Oloy bozori yaqinida) – 22 millimetr, Toshkent xalqaro aeroporti hududida esa – 33 millimetrni tashkil etdi.
O‘tgan 2024 yilning aprel oyi respublika hududining katta qismida quruq bo‘ldi. Shu bilan birga, respublika bo‘yicha ba’zi joylarda kuchli jala yomg‘irlar yog‘ishi kuzatilib, bunda bir necha soatda yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan 40–70 foizni tashkil etdi. 13 aprel kuni Jongeldi (Qizilqum cho‘li) meteostansiyasi hududida 16 mm yog‘ingarchilik kuzatilib, oylik me’yorga mos bo‘ldi, bu butun aprel oyi davomida ushbu hududda yog‘gan yagona yomg‘ir edi.
Respublikaning ayrim hududlarida har 3–5 yilda bir marta yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanishi kuzatiladi. So‘nggi marta 2020 yil aprel oyida markaziy va hatto janubiy viloyatlarda ba’zi joylarda aprel oyining birinchi o‘n kunligi oxirida qor yog‘ib, u hatto qishda kamdan kam uchraydigan darajada bo‘lgan.
2020 yil 9 aprelda ertalab ba’zi joylarda qor qoplami 7–20 santimetrga yetgan. O‘zbekistonda qor yog‘ishining eng kechki sanasi – 1989 yil 30 aprel kuni qayd etilgan. Bu hozircha O‘zbekistonda kuzatuvlar tarixidagi qaytarilmas holat bo‘lgan.
Aprel oyida tog‘li hududlarda jadal qor erishi davom etadi. Oyning oxiriga, iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, qor faqat baland tog‘li hududlarda saqlanib turadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar