Oracle “sunʼiy intellekt bulutlari”ni kengaytirmoqda: daromad 21 foizga oʻsdi

Oracle “sunʼiy intellekt bulutlari”ni kengaytirmoqda: daromad 21 foizga oʻsdi

Oracle kompaniyasi moliyaviy chorak yakunlari boʻyicha hisobotini eʼlon qildi. Kompaniyaning daromadi va foydasi tahlilchilar kutganidan yuqori boʻldi, shuningdek, yillik foyda prognozi ham oshirildi. Shunga qaramay, sunʼiy intellekt (AI) infratuzilmasini kengaytirish uchun yangi kapital jalb qilish rejalari fonida kompaniya aksiyalari savdolarda qariyb 10 foizga arzonlashdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Hisobot davrida Oracle daromadi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 21 foizga oʻsib, 19,18 milliard dollarni tashkil etdi. Sof foyda esa oʻtgan yilgi 3,43 milliard dollardan 4,22 milliard dollargacha koʻtarildi. Kompaniya 2027-moliya yili uchun daromad prognozini 90 milliard dollar darajasida saqlab qoldi, biroq har bir aksiya uchun kutilayotgan foyda miqdorini 8,05 dollargacha koʻtardi.

Kompaniya AI infratuzilmasini rivojlantirish uchun qarz va aksiyalar chiqarish orqali qariyb 40 milliard dollar jalb qilishni rejalashtirmoqda. Kapital xarajatlar 162 foizga oshib, 55,7 milliard dollarga yetdi. Investorlar bunday ulkan oʻsish modelining moliyaviy barqarorligi borasida xavotir bildirmoqda. Bulutli xizmatlar yoʻnalishi 47 foizga oʻsib, 9,91 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, bulutli infratuzilma segmenti 93 foizlik oʻsish bilan 5,8 milliard dollarga yetdi.

Alohida eʼtibor RPO (bajarilmagan shartnomalar hajmi) koʻrsatkichiga qaratildi, u 363 foizga oʻsib, 638 milliard dollarni tashkil etdi. Bank of America tahliliga koʻra, ushbu summaning yarmidan koʻpi OpenAI bilan tuzilgan shartnomalarga toʻgʻri keladi. Oracle mijozlari GPU resurslari uchun oldindan toʻlov amalga oshirishi yoki oʻz uskunalarini taqdim etishi kompaniyaning maʼlumotlar markazlarini qurishdagi shaxsiy xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar