
O‘qish bilan birga ijarada yashaydigan talabalar uchun quvonarli yangilik bor. Endi ular oylik ijara to‘lovining ma’lum qismini davlat tomonidan kompensatsiya tariqasida qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu tizim orqali yoshlar ijara xarajatlarini yengillashtirish hamda moddiy yukni kamaytirish maqsad qilingan.
Eng muhimi — endilikda bu jarayon uchun universitetga yoki bankka borish talab etilmaydi. Barcha amaliyotlar to‘liq onlayn tarzda amalga oshiriladi.
Bunda talabalar quyidagi bosqichlarni bajarishlari kifoya:
my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga kirish;
“Davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish” xizmati orqali ariza topshirish;
hujjat taqdim etish talab etilmaydi — tizim ma’lumotlarni avtomatik tarzda tekshiradi.
Agar ariza ko‘rib chiqilib, ma’qullansa, Toshkent shahrida yashovchi talabalar BHMning bir baravari miqdorida, viloyatlarda istiqomat qiluvchi talabalar esa BHMning yarmi miqdorida kompensatsiyaga ega bo‘ladi.
Ma’lumotga ko‘ra, arizalar har oyning 1-7 kunlari mobaynida qabul qilinadi. Tizim orqali murojaat qilgan talabalarning hisob raqamlariga mablag‘lar to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkaziladi.
Mazkur tashabbus yoshlar manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash va ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘lidagi yana bir muhim qadam sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.