O‘zbekistonlik olimlar ekologik toza plyonka ixtiro qildi

O‘zbekistonlik olimlar atrof-muhitga to‘liq zararsiz, o‘z-o‘zidan parchalanuvchi plyonkani muvaffaqiyatli ishlab chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar berdi. Yangi kashfiyot plastik paketlarga samarali va ekologik toza alternativa bo‘lishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, ushbu bioplyonka suv va tuproq muhitida osonlikcha parchalanadi va tabiatga zarar yetkazmaydi. Tashqi ko‘rinishi va mustahkamligi jihatidan u oddiy sintetik polietilenga o‘xshaydi, ammo ekologiya va atrof-muhit uchun mutlaqo xavfsiz hisoblanadi.
Xabarda ta’kidlanishicha, bioplyonka oziq-ovqat va farmatsevtika sanoatida keng qo‘llanilishi mumkin. “Ushbu plyonkalar tashqi ko‘rinish va mexanik xossalari jihatidan an’anaviy polietilen plyonkalarga o‘xshash bo‘lsa-da, ular tabiat uchun mutlaqo xavfsiz. Suv va tuproq muhitida oson parchalanadi, atrof-muhitga zarar yetkazmaydi. Endi bioplyonkalar oziq-ovqat va dorixona sanoatida qo‘llanish imkoniyatiga ega va plastik chiqindilar muammosini kamaytirishda muhim qadam bo‘lishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
Ushbu kashfiyot nafaqat ekologik toza texnologiyalar rivojiga hissa qo‘shadi, balki yashil iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va plastik chiqindilarni kamaytirishda yangi imkoniyatlarni ochadi. Olimlar yangi bioplyonkani qo‘llash orqali aholi va sanoat uchun xavfsiz, mukammal va atrof-muhitga mos mahsulot yaratishga erishgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!