AQShda yangi turbinaviy vodorod dvigateli sinovdan oʻtkazildi

AQShning Janubi-G'arbiy tadqiqot instituti (SwRI) vodorod benzin yoki dizel o'rnida ishlatiladigan ichki yonish dvigatelini ishlab chiqib, sinovdan o'tkazdi. Qurilma vodorodni elektr energiyasiga aylantirmaydi, balki uni silindrlarda yoqib, porshenlarni harakatga keltiradi va asosan o'rta tonnajli tijorat transporti uchun mo'ljallangan.
AQShning Janubi-Gʻarbiy tadqiqot instituti (SwRI) mutaxassislari anʼanaviy benzin yoki dizel yoqilgʻisi oʻrnida vodoroddan foydalanadigan innovatsion ichki yonish dvigatelini ishlab chiqdi va sinovdan oʻtkazdi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, ushbu qurilma asosan oʻrta tonnajli tijorat transporti uchun moʻljallangan boʻlib, u ekologik toza texnologiyalar sari tashlangan muhim qadamlardan biri boʻlishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hozirgi kunda keng tarqalgan yoqilgʻi elementlariga ega avtomobillardan farqli oʻlaroq, mazkur dvigatelda vodorod elektr energiyasiga aylanmaydi, balki bevosita silindrlarning oʻzida yonib, porshenlarni harakatga keltiradi. Aslida bu klassik ichki yonish dvigatelining oʻzginasi boʻlib, faqat yoqilgʻi sifatida benzin oʻrniga vodorod qoʻllaniladi. Dvigatel oddiy benzin motorlari kabi iskorali oʻt oldirish tizimi bilan jihozlangan.
Dizel xarakteristikasini saqlab qolgan vodorod motori
Muhandislar yangi agregatga dizel dvigatellariga xos boʻlgan muhim xususiyatni — past aylanishlardayoq yuqori aylanish momentini berishga harakat qilishdi. Aynan shunday koʻrsatkich tijorat texnikasi uchun suv va havodek zarur hisoblanadi. Dastlab SwRI mutaxassislari texnologiyani eksperimental bir silindrli dvigatelda sinab koʻrib, vodorodning yonish xususiyatlari hamda turli inyeksiya strategiyalarini oʻrganishdi, shundan soʻnggina yechimlar toʻlaqonli koʻp silindrli motorga koʻchirildi.Ishlab chiqarish jarayonida mutaxassislar oldindan yonib ketish, notekis yonish va barcha tizimlarning muvofiqlashgan holda ishlashi kabi qator murakkab muammolarni hal qilishga majbur boʻlishdi. Zarur quvvatni past aylanishlarda olish uchun dvigatel turbochidov bilan taʼminlandi. Turbokompressor silindrlarga kiruvchi havo miqdorini koʻpaytirib, koʻproq vodorodni yoqish va aylanish momentini oshirish imkonini berdi.
Texnik yangiliklar va ekologik jihatlar
Vodorod benzinga nisbatan ancha tez yonishini inobatga olib, muhandislar kirish tizimini jiddiy oʻzgartirdilar. Odatiy benzinli dvigatel geometriyasi bu yerda mos kelmagani bois, SwRI maxsus kirish kanallari va kengaytirilgan klapanlarni ishlab chiqdi. Bular yetarli havo oqimini taʼminlab, yonilgʻi-havo aralashmasini samaraliroq shakllantirishga yordam beradi. Dvigatel ishini esa real vaqt rejimida maxsus dasturiy taʼminot nazorat qiladi.Vodorod yuqori darajada alanga oluvchanligi sababli uning issiq qismlar yoki qoldiq gazlar taʼsirida sham uchquni berishidan oldin oʻz-oʻzidan yonib ketishining oldini olish eng ogʻir vazifalardan biri boʻldi. Bunday holatlar dvigatelning notekis ishlashiga, quvvat yoʻqotilishiga va hatto uning buzilishiga olib kelishi mumkin. Shu bois sinovlarning salmoqli qismi aynan ana shunday nosozliklarga qarshi kurashishga bagʻishlandi.
Ekologik nuqtai nazardan, vodorod tarkibida uglerod yoʻqligi sababli uning yonishidan bevosita CO₂ deyarli ajralmaydi va asosiy reaksiya mahsulotiga suv aylanadi. Biroq uni mutlaqo ekologik toza deb boʻlmaydi, chunki yuqori haroratda havodagi azot va kislorod azot oksidlarini (NOx) hosil qilishi mumkin. Shu sababli jarayonni aniq boshqarish va chiqindilarni tozalash tizimi talab etiladi.
SwRI xulosasiga koʻra, mazkur texnologiyaning asosiy afzalligi mavjud avtomobil infratuzilmasini saqlab qolish imkoniyatidadir. Ishlab chiqaruvchilar batareyali quvvat qurilmalari yoki yoqilgʻi elementlariga oʻtish uchun anʼanaviy dvigatellar, transmissiyalar, uskunalar va xizmat koʻrsatish jarayonlaridan toʻliq voz kechishga majbur boʻlmaydi.






























Izohlar 0
…