Mirziyoyev va To‘qayev “Toza havo” loyihasini birgalikda muhokama qilishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 11 aprel kuni Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik hamda mintaqaviy ahamiyatga ega qator masalalarni muhokama qilishdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, shuningdek, mintaqada ekologik barqarorlikni kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, chegaradosh hududlarda havo sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” loyihalarini amalga oshirish taklif etildi.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev esa ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning so‘zlari Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmati tomonidan ham tasdiqlandi.
To‘qayev ekologik vaziyatga to‘xtalar ekan, Toshkentdagi holat borasida bildirilgan xavotirlarga qo‘shilishini taʼkidladi. Shuningdek, u Qozog‘istonning yirik shahri — Olmaotada ham ekologik vaziyat og‘ir ekanini qayd etdi.
— Olmaota afsuski dunyodagi eng ifloslangan yirik shaharlardan biriga aylangan. Bu borada shoshilinch va amaliy choralar ko‘rish zarur, — dedi Qozog‘iston rahbari.
Uning fikricha, “Toza havo” tashabbusini ikki davlat hukumatlari darajasida, prezidentlar homiyligi ostida birgalikda amalga oshirish samarali natija beradi. Bu g‘oya jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat tomonidan ham ijobiy qabul qilinishi mumkinligi taʼkidlandi.
To‘qayev shuningdek, mazkur loyiha mahalliy hokimiyatlar va tadbirkorlar masʼuliyatini oshirishga, ekologiya hamda tabiatni muhofaza qilish yo‘nalishida faol harakat qilishga turtki berishini qayd etdi.
Maʼlumot uchun, 11 aprel kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Buxoroga keldi. Oliy martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida davlat rahbari shaxsan kutib oldi.
Shu tariqa, Buxoroda o‘tgan uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yana-da mustahkamlash, ayniqsa ekologik sohadagi yangi tashabbuslarni amalga oshirishga zamin yaratdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!