date
views 139

Arrigo Sakki: “Inter”ning “Barselona” ustidan g‘alabasi – iroda va xarakter timsoli!

Arrigo Sakki: “Inter”ning “Barselona” ustidan g‘alabasi – iroda va xarakter timsoli!
Futbol olamining afsonaviy murabbiylaridan biri, mashhur italiyalik mutaxassis Arrigo Sakki Chempionlar ligasi yarim finali doirasida bo‘lib o‘tgan Milanning “Inter” klubining Kataloniyaning “Barselona”si ustidan qozongan dramatik va esda qolarli g‘alabasini yuqori baholadi.

“Bu o‘yin futbolning haqiqiy go‘zalligini, emotsiyalarning yorqinligini namoyon etdi. Birinchi uchrashuv kabi bu o‘yin ham juda yuqori sur’atda, keskin va jangovor ruhda o‘tdi”, – deya qayd etdi Sakki mashhur "La Gazzetta dello Sport" nashriga bergan intervyusida.

Mashhur mutaxassisning fikricha, o‘yinning birinchi yarmida “nerazurrilar” raqibning himoyada yo‘l qo‘ygan xatolaridan mohirlik bilan foydalanib, muhim ustunlikni egallab oldi. Ammo ikkinchi taymda “Barselona”ning o‘yinidagi bosim va jismoniy tayyorgarlik darajasi sezilarli darajada oshdi, bu esa “Inter” futbolchilarini toliqtirdi.

“Ikkinchi taymda rostini aytsam, “Inter” futbolchilari ancha charchagan ko‘rindi, jismoniy jihatdan qiyinchilikka duch kela boshlashdi. Ular o‘zlarida kuch qolmaganday taassurot uyg‘otdi. Ayniqsa, Lamin Yamalning shtangaga tekkan zarbasi uchrashuvning hal qiluvchi nuqtasiga aylandi. Mana shunday qiyin bir vaziyatda Acherbi ajoyib, hal qiluvchi va o‘ta muhim golni kiritdi. Bu gol nafaqat o‘yinning natijasi, balki butun jamoaning irodasi, xarakterining timsoli edi”, – deb ta’kidladi Arrigo Sakki.

Shu bilan birga, Sakki italyan klublarining o‘ziga xos jihatlaridan biri og‘ir va murakkab vaziyatlarda kurashishga qodir ekanliklarini alohida ta’kidladi:

“Biz, italiyaliklar, aynan shunday murakkab vaziyatlarda ham o‘z irodamizni namoyon etishni juda yaxshi bilamiz. “Inter” o‘yini buning yaqqol misoli bo‘ldi – ular kurashni to‘xtatishmadi, har bir to‘p uchun bor kuchi bilan harakat qilishdi, maydonda bir santimetr ham bo‘sh joy qoldirishmadi. Acherbining hal qiluvchi goli esa bu jamoaviy xarakter va irodaning yorqin namunasi edi”, – deya fikrini davom ettirdi mutaxassis.

Shuningdek, o‘yin natijasining adolatli ekani haqidagi savolga javob berar ekan, Sakki quyidagilarni aytdi:

“Ha, natija to‘liq adolatli. “Inter” har ikki o‘yinda ham yuqori darajada, kuchli raqibga qarshi munosib ravishda maydonga tushdi. Ular Yevropa futbolining eng kuchli jamoalari bilan bir qatorda ekanliklarini yana bir bor isbotlashdi. Bunday g‘alabalar futboldagi eng muhim qadriyatlar – iroda, xarakter va jamoaviy ruhning yorqin namoyishidir”, – deya xulosa qildi mashhur mutaxassis.

Haqiqatdan ham, “Inter”ning bu dramatik g‘alabasi nafaqat muxlislar, balki futbol mutaxassislari tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Bu g‘alaba italiyaliklarning finalga yo‘l olishida katta ahamiyat kasb etib, ularning yanada yuqori maqsadlarga erishishida muhim omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Arrigo Sakki: “Inter”ning “Barselona” ustidan g‘alabasi – iroda va xarakter timsoli!