O‘zbekiston milliy terma jamoasi bu yil tarixda ilk bor FIFA Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu ulkan yutuq mamlakat futbolida yangi sahifa ochgan bo‘lsa, endilikdagi asosiy vazifa — mundialga pukhta hozirlik ko‘rish va musobaqada munosib ishtirok etish. Shu maqsadda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Jahon chempionati kabi yirik turnirlarda tajriba to‘plagan mutaxassislar nomzodini atroflicha o‘rgandi va murabbiylar kengashi xulosalariga tayangan holda Fabio Kannavaro bilan shartnoma tuzishga kirishgan edi.
Bugun Milliy futbol markazida Kannavaro bilan shartnoma rasman imzolandi. Uchrashuvda ta’kidlanishicha, mutaxassis va uning shtabi uzoq tahlil, skauting va o‘tgan tajriba asosida tanlangan. O‘FA rahbariyati italiyalik murabbiyning yirik turnirlarda orttirgan mahorati va boshqaruv uslubi orqali milliy jamoa bilan muvaffaqiyatli natijalar qo‘lga kiritilishiga ishonch bildirdi.
Kannavaro birinchi bayonotida kutilgandek mas’uliyatni his etdi:
«Bildirilgan ishonch uchun minnatdorman. O‘zbekistondek futbolsevar mamlakatda ishlash — katta sharaf, bu o‘z o‘rnida katta mas’uliyat. Faqatgina milliy terma jamoama emas, yoshlar va o‘smirlar termalari ham mundialda qatnashyotgani — bu yerda futbolga berilayotgan sistemali e’tibor natijasi. Milliy jamoaning muvaffaqiyati uchun bor bilim va tajribamni safarbar qilaman», — dedi u
Kannavaro kim va nimasi bilan qimmat?
-
Futbolchi sifatida: Italiya terma jamoasi bilan JCh–2006 chempioni, o‘sha yilda «Oltin to‘p» sohibi, FIFA talqinida «Yil futbolchisi».
-
Murabbiy sifatida: Xitoy terma jamoasi, «An-Nassr» (SAA), «Tyantszin Quanzzyan», «Guanchjou Evergrand», shuningdek Italiyada «Benevento», «Udineze», Xorvatiyada «Dinamo Zagreb»da ishlagan.
Unga quyidagi mutaxassislar yordam beradi:
-
Eugenio Albarella — yordamchi murabbiy (Yaponiya termasi, «Yuventus», «Udineze», «Dinamo Zagreb» tajribasi);
-
Chiccho Troize Fransesko — jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy («Benevento», «Udineze», «Dinamo Zagreb»);
-
Antonio Kimenti — darvozabonlar murabbiyi (Italiya yoshlar termasi, «Sampdoriya», «Spal»).
Nima kutamiz?
Yadroviy tarkib saqlangan holda raqobatni kuchaytirish, raqibga qarab taktik moslashuv, standart vaziyatlar samaradorligini oshirish va ichki seleksiyani jonlantirish — yaqin istiqboldagi asosiy yo‘nalishlar. Maqsad ochiq: mundialda munosib o‘yin va pley-offga yo‘l.
Qisqacha aytganda, simvolik sahifa yopildi, yangi bob boshlandi. Endilikda barcha baholar maydonda beriladi — jamoa ishonch, intizom va natija bilan gapiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!