Rogan Pimblettning Getjiga qarshi chiqishidan qattiq hayratda qoldi

58 yoshli taniqli amerikalik podkaster va UFC sharhlovchisi Jo Rogan britaniyalik Peddi Pimblettning Jastin Getjiga qarshi jangdagi uslubini ko‘rib, ochiqchasiga hayratini yashirmadi. Uningcha, Peddi bu safar “aqlli reja” emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri portlash yo‘lini tanlagan.
“Jangning ilk soniyalaridanoq Peddi go‘yo taktikani uyda qoldirib ketgandek bo‘ldi. Biz uning betartib uslubiga aql va hisob-kitob qo‘shilayotganini gapirib kelayotgandik, ammo bu jangda bunday narsani ko‘rmadik… U oyoqqa keladigan zarbalarni to‘xtatishga ham urinmay, oldinga otildi, raqibga yaqin masofani yorib kirdi va kuchli zarbalarni yog‘dirdi. Hatto “razvedka” ham qilmadi… Bu mutlaqo telbalik edi”, — deya Rogan so‘zlarini “Bloody Elbow” nashri keltirdi.
Roganning fikriga ko‘ra, bu kabi “hamma narsani bir kartaga tikish” uslubi muxlislar uchun tomoshabop bo‘lishi mumkin, ammo Getji kabi tajribali va qattiq zarbaga ega raqibga qarshi bu juda xavfli tanlov. Chunki bunday tempda sen nafaqat kuch sarflaysan, balki bir-ikki mayda xato ham jang taqdirini keskin burib yuborishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, “UFC 324” turniridagi super to‘qnashuvda Jastin Getji hakamlarning yakdil qarori bilan Peddi Pimblettni mag‘lub etdi. Peddining yuragi borligiga shubha yo‘q, lekin shu jang yana bir bor ko‘rsatdi: katta sahnada faqat jasorat emas, sovuqqon reja ham kerak.