date

Husanov qaytdi: ekspertlar uning o‘yinini qanday baholashdi?

Angliya chempionligi uchun kurashayotgan “Manchester Siti” Premer-liganing 31-turidan qoldirilgan muhim uchrashuvida o‘z maydonida “Kristal Pelas”ni qabul qilib, 3:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi. Bu natija “shaharliklar” uchun chempionlik poygasida juda muhim bo‘ldi, chunki jamoa peshqadam “Arsenal” bilan oradagi farqni yanada qisqartirishda davom etmoqda.

O‘zbekistonlik muxlislar uchun eng quvonarli jihat esa Abduqodir Husanovning boshlang‘ich tarkibda maydonga tushib, uchrashuvni to‘liq o‘tkazgani bo‘ldi. Kichik jarohat sabab avvalgi turda ishtirok etmagan himoyachimiz bu safar “Siti” mudofaasida xotirjam, ishonchli va juda tartibli harakat qildi.

Nufuzli cityxtra.co.uk sayti ekspertlari “Manchester Siti” futbolchilarining “Kristal Pelas”ga qarshi o‘yindagi harakatlarini baholadi. Abduqodir Husanov 7,5 ball oldi va jamoaning eng yaxshi baholangan futbolchilari qatoridan joy oldi.

Manba ta’kidlashicha, Husanovning “Brentford”ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborishiga sabab bo‘lgan jismoniy noqulaylik bu galgi bahsda deyarli sezilmadi. Aksincha, o‘zbekistonlik himoyachi Mark Gehi va boshqa sheriklari bilan birga “Pelas” hujumlarini boshidanoq neytrallashtirdi. Raqibning uzatmalari vaqtida to‘xtatildi, xavfli hududlar yopildi va “Siti” o‘yinni ortiqcha xavotirsiz nazorat qildi.

Janluiji Donnarumma 7 ball bilan baholandi. U Matetaning yaqin masofadan bergan zarbasini qaytardi, garchi keyin bu vaziyat ofsayd deb topilgan bo‘lsa ham. Shuningdek, Mitchell zarbasidan keyin ham darvozabon aqlli seyv ko‘rsatdi. Bir vaziyatda uning xatosi penaltiga sabab bo‘lishi mumkin edi, ammo epizod mezbonlar foydasiga hal qilindi.

Mateush Nunesh ham 7 ball oldi. Yarim himoyadagi muammolarni hisobga olganda, u himoya chizig‘ida pozitsiyani saqlash va jamoa o‘yinini qo‘llab-quvvatlash uchun katta mehnat qildi. Bir soatdan so‘ng uning almashtirilishi ham Gvardiola uchun u qanchalik muhim futbolchiga aylanganini ko‘rsatdi.

Mark Gehi 7 ball bilan baholandi. U sobiq jamoasi hujumlaridan katta bosim his qilmadi va orqa chiziqdan hujumlarni ishonch bilan boshlab berdi. Yoshko Gvardiol ham 7 ball oldi. Uzoq jarohatdan qaytgan futbolchi jismonan og‘ir pozitsiyada o‘ynaganiga qaramay, yugurish va qaror qabul qilishda ishonchli ko‘rindi.

Bernardu Silva 8 ballga munosib deb topildi. “Manchester Siti”dagi faoliyati yakuniga yaqinlashayotgan bo‘lsa ham, u yana yangi qirralarini ko‘rsatdi. Bu safar Bernardu yagona tayanch yarim himoyachi sifatida harakat qildi va ayrim xatarli uzatmani hisobga olmaganda, o‘z vazifasini odatdagidek professional darajada bajardi.

Uchrashuvning eng yuqori baholaridan biri Fil Fodenga berildi — 8,5 ball. Yarim himoyadagi yetishmovchilik sabab u markazda ko‘proq to‘p bilan harakat qildi va bu imkoniyatdan unumli foydalandi. Foden vaziyatlar yaratdi, raqibni fintlar bilan qiynadi va ikkita golli uzatma amalga oshirdi.

Savio 7,5 ball oldi. Birinchi bo‘limda ba’zi qarorlaridan o‘zi ham rozi emasdek ko‘ringan bo‘lsa-da, keyinroq o‘yinga yaxshi kirishib ketdi. U o‘ng qanotni faol nazorat qildi va gol urish orqali muxlislar undan kutayotgan asosiy sifatni ko‘rsatdi.

Antuan Semeno ham 7,5 ball bilan baholandi. Unga tayanch yarim himoyachi va pas tarqatuvchi roli mos tushgani ko‘rindi. Futbolchi o‘yinda tez gol urib, “Siti”ga kerakli ustunlikni berdi.

Rayan Ait-Nuri 7 ball oldi. Odatda chap qanot himoyachisi sifatida o‘ynaydigan futbolchi bu safar hujum chizig‘ida harakat qildi. U qanotda faollik ko‘rsatish va “Pelas” mudofaasiga bosim o‘tkazish uchun ancha mehnat qildi.

Umar Marmush 7,5 ball bilan baholandi. U Erling Holand rolini deyarli mukammal bajardi: ko‘p hollarda ko‘rinmasdek harakat qildi, ammo kerakli pallada o‘yinga qo‘shildi va chiroyli gol urdi.

Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar orasida Rayan Sherki alohida tilga olindi. U 7 ball oldi va Savio uchun deyarli yo‘q joydan golli vaziyat yaratib berdi. Natan Ake 6,5, Mateo Kovachich 6,5, Jeremi Doku esa 6 ball bilan baholandi.

Qisqasi, “Manchester Siti” yana bir bor o‘z vazifasini professionallarcha bajardi. Foden ijodkorlikni ta’minladi, Savio va Marmush gollar bilan ajralib turdi, Bernardu markazda barqarorlik berdi. Abduqodir Husanov esa jarohatdan keyingi qaytishida himoyada ishonch, xotirjamlik va katta salohiyat borligini yana bir bor isbotladi. O‘zbek muxlislari uchun eng shirin joyi ham shu — Husanov endi “Siti” himoyasida shunchaki nom emas, ishonchli kuchga aylanib bormoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Husanov qaytdi: ekspertlar uning o‘yinini qanday baholashdi?