O‘zbekiston futbolchilari Kanadaga samimiy minnatdorchilik bildirdi (foto)

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Edmontondagi yig‘inini yakunlab, Jahon chempionatiga tayyorgarlikning navbatdagi bosqichini davom ettirish uchun Nyu-Yorkka yo‘l oldi. Fabio Kannavaro boshchiligidagi vakillarimiz Kanadada o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvidan keyin nafaqat sport jihatidan, balki insongarchilik va madaniyat nuqtayi nazaridan ham iliq iz qoldirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari Edmontondagi kiyinish xonasidan ketish oldidan mezbonlarga maxsus yozuv qoldirgan. Unda Kanada tomoniga mehmondo‘stlik uchun minnatdorchilik bildirilgan va bo‘lajak Jahon chempionatida omad tilab o‘tilgan.
Rasmlarda ko‘rinishicha, kiyinish xonasida futbol maydoni chizilgan qog‘ozga ingliz va o‘zbek tillarida samimiy so‘zlar yozilgan. Unda “Thank you for hospitality, Canada!” ya’ni “Mehmondo‘stlik uchun rahmat, Kanada!” degan jumlalar aks etgan. Shuningdek, o‘zbek tilida “Katta rahmat, Kanada!” va “Jahon chempionatida omad!” degan yozuvlar ham qoldirilgan.

Bu kichik harakat bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo katta futbolda bunday detallar juda muhim. Maydonda raqobat, kurash va natija bo‘ladi. Ammo o‘yindan keyin hurmat, minnatdorlik va sport madaniyati birinchi o‘ringa chiqadi. O‘zbekiston terma jamoasi aynan shu jihatdan o‘zini munosib ko‘rsatdi.
Edmontonda o‘tgan yig‘in milliy jamoamiz uchun Jahon chempionati oldidan muhim tayyorgarlik bosqichi bo‘ldi. Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi vakillarimiz uchun oson kechmadi, bahsda O‘zbekiston 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ammo bunday o‘yinlardan asosiy maqsad faqat hisob emas, balki jamoaning kuchli va zaif tomonlarini aniqlash, xalqaro tempga moslashish va mundial oldidan kerakli xulosalar chiqarishdan iborat.
Shu ma’noda, Kanada safari futbolchilarimiz uchun ham sport, ham tajriba jihatidan foydali bo‘ldi. Raqib jismonan kuchli, tezkor va yuqori intensivlikda harakat qiladigan jamoa ekanini ko‘rsatdi. Fabio Kannavaro ham o‘yindan keyin Kanada futboli so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘sganini e’tirof etgandi.
Eng muhimi, ushbu safar davomida Kanadadagi o‘zbekistonlik muxlislar, shuningdek, Markaziy Osiyo xalqlari vakillari terma jamoamizni iliq kutib oldi. Edmonton aeroportidagi qo‘llab-quvvatlash, bayroqlar, milliy liboslar va bolalarning quvonchi jamoamiz uchun alohida ruhiy kuch bo‘lgani aniq. CBC News kabi mahalliy telekanallar ham bu jarayonni yoritgani O‘zbekiston futbolining xalqaro e’tiborga chiqayotganini ko‘rsatdi.

Kiyinish xonasida qoldirilgan minnatdorchilik yozuvi esa shu safariga chiroyli nuqta qo‘ydi. Bu harakat milliy jamoamiz futbolchilari faqat maydonda emas, maydon tashqarisida ham hurmat va tarbiya ko‘rsata olishini namoyish etdi.
Sportda raqibni hurmat qilish — katta madaniyat belgisi. Kanada O‘zbekistonni qabul qildi, o‘yin tashkil etildi, muxlislar stadionga keldi, terma jamoamiz esa ketish oldidan mezbonlarga rahmat aytib, ularga Jahon chempionatida omad tiladi. Bu juda oddiy, ammo yoqimli va esda qoladigan ishora.
Endi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Nyu-Yorkka yo‘l oldi. Oldinda yana mashg‘ulotlar, tahlillar va Jahon chempionatiga tayyorgarlikning muhim kunlari turibdi. Kanadaga qarshi uchrashuvdan olingan saboqlar, Edmontondagi muxlislar qo‘llab-quvvatlovi va mezbonlarga bildirilgan minnatdorchilik — bularning barchasi ilk mundial sari borayotgan jamoamiz tarixida kichik, ammo ma’noli sahifa bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston terma jamoasi oldida katta sinovlar bor. Ammo bunday holatlar bir narsani ko‘rsatadi: milliy jamoamiz nafaqat futbol o‘ynash, balki katta sahnada o‘zini munosib tutishni ham o‘rganib bormoqda. Bu esa Jahon chempionati oldidan juda muhim signal.





























Izohlar 0
…