Klopp Anchelottini Braziliya uchun ideal murabbiy deb atadi

«Liverpul»ning sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp Karlo Anchelottining Braziliya milliy jamoasidagi faoliyatiga yuqori baho berdi.
Germaniyalik mutaxassisning fikricha, Anchelotti Braziliya terma jamoasini boshqarish uchun eng munosib nomzod hisoblanadi. Klopp hatto o‘zi braziliyalik bo‘lganida ham milliy jamoa uchun aynan Karloni tanlagan bo‘lishini ta’kidladi.
«Juda yaxshi. Agar men braziliyalik bo‘lganimda va mendan milliy jamoa uchun ideal murabbiy kimligini so‘rashganda, ikkilanmasdan Karlo deb javob bergan bo‘lardim.
U hatto bitta qoshini ko‘tarishi bilan istalgan milliy jamoani boshqara oladi», — dedi Klopp.
Sobiq «Liverpul» ustozi Braziliya terma jamoasining imkoniyatlari juda katta ekanini, ammo bu salohiyatni to‘liq ochib berish uchun kuchli murabbiy kerakligini qayd etdi.
«Braziliyaning salohiyati juda yuqori. Lekin uni ochib berish uchun kimdir kerak. Jamoaga taktik intizom yetishmaydi va bu borada futbolchilarning o‘sishiga yordam berish uchun Karlodan munosibroq nomzod yo‘q», — dedi u.
Klopp Anchelottini katta tajribaga ega, futbolchilar bilan ishlashni biladigan va turli vaziyatlarda jamoani boshqara oladigan ajoyib mutaxassis sifatida ta’rifladi.
«U — ajoyib mutaxassis. Braziliyaliklarga omad kulib boqqan», — deya Kloppning so‘zlarini keltiradi La Gazzetta dello Sport.
Shu tariqa, Klopp Anchelotti Braziliya terma jamoasiga yetishmayotgan taktik tartibni olib kirishi va jamoaning ulkan salohiyatini to‘liq namoyon qilishiga ishonch bildirdi.































Izohlar 0
…