Martines O‘zbekiston ustidan qozonilgan g‘alabaning asosiy omilini aytdi

Martines O‘zbekiston ustidan qozonilgan g‘alabaning asosiy omilini aytdi

Portugaliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines O‘zbekistonga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdagi 5:0 hisobidagi ishonchli g‘alaba haqida fikr bildirdi.

Ispaniyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, mazkur bahsda jamoa uchun eng muhim jihat his-tuyg‘ularni nazorat qilish va belgilangan o‘yin rejasiga sodiq qolish bo‘lgan.

«Menimcha, bu o‘yindagi asosiy omil — his-tuyg‘ularni boshqara bilish edi. Birinchi uchrashuvda gol urgandan keyin o‘z rejamizni, maydondagi intizom va pozitsion tartibni yo‘qotib qo‘ygandik», — dedi Martines.

Murabbiyning aytishicha, O‘zbekistonga qarshi bahsda Portugaliya futbolchilari birinchi daqiqalardanoq qanday harakat qilish kerakligini yaxshi tushungan va tanaffusgacha taktik rejani to‘g‘ri amalga oshirgan.

«Bu safar vaziyat boshqacha bo‘ldi. Tanaffusgacha qanday o‘ynashimiz kerakligini aniq tushungan holda harakat qildik. Zaxiradan maydonga tushgan besh nafar futbolchi ham taktik intizomni yuqori darajada saqlab qoldi. Bu hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi», — deya ta’kidladi u.

Martines ikkinchi gol Portugaliyaga ruhiy ustunlik berganini, O‘zbekiston terma jamoasining bekor qilingan goli esa o‘yin ssenariysiga ta’sir ko‘rsatganini ham qayd etdi.

«Ikkinchi gol bizga juda katta yordam berdi. Shuningdek, O‘zbekistonning goli hisobga olinmagani ham o‘yin manzarasiga ta’sir qildi. Boshqa uchrashuvda shunday gol hisoblangan va bu butun bahsning borishini o‘zgartirgan edi», — dedi murabbiy.

Portugaliya bosh murabbiyi jamoasi avvalgi uchrashuvda yo‘l qo‘ygan xatolardan tezda to‘g‘ri xulosa chiqarganidan mamnun ekanini bildirdi.

«Umuman olganda, juda xursandman. Chunki birinchi o‘yindagi xatolarimizni tez tahlil qilib, ularni takrorlamaslikka erishdik», — deya qo‘shimcha qildi Martines.

O‘zbekiston ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin Portugaliya terma jamoasi ochkolari sonini 4 taga yetkazdi. Hali ochko to‘play olmagan O‘zbekiston esa guruh jadvalida to‘rtinchi, so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar