Olimlarni hayratga solgan ikki g‘ayrioddiy sayyora topildi

Tadqiqotchilar hajmi Yupiterga teng yoki undan katta bo'lgan, lekin zichligi paxtaqanddan ham past bo'lgan ikkita ulkan ekzosayyorani aniqlashdi. Oksford universiteti olimi Jorj Dransfild boshchiligidagi tadqiqotda aniqlangan bu osmon jismlari "super-puf" deb atalib, Yerdan taxminan 1110 yorug'lik yili uzoqlikda joylashgan. NASAning TESS sun'iy yo'ldoshi orqali topilgan ushbu sayyoralar janubiy osmondagi "Uchuvchi baliq" yulduz turkumidagi bir yulduz atrofida aylanadi.
Olimlar koinotdagi eng g‘aroyib sayyoralardan biri hisoblangan ikki ulkan ekzosayyorani aniqladi. Qizig‘i shundaki, ularning hajmi Yupiter sayyorasiga teng yoki undan kattaroq bo‘lsa-da, zichligi paxtaqandnikidan ham past ekani ma’lum bo‘ldi.
Tadqiqotchilar tomonidan “super-puf” deb atalgan ushbu sayyoralar hozirga qadar aniqlangan eng yengil yirik ekzosayyoralar sifatida qayd etilmoqda. Tadqiqotga rahbarlik qilgan Oksford universiteti olimi Jorj Dransfildning ta’kidlashicha, mazkur osmon jismlarining zichligi hatto ko‘pirtirilgan soqol olish ko‘pigi bilan taqqoslash mumkin darajada past.
Olimlarning fikricha, ushbu g‘ayrioddiy sayyoralar asosan vodorod va geliy gazlaridan tashkil topgan bo‘lishi mumkin. Ular NASAning TESS sun’iy yo‘ldoshi orqali aniqlangan bo‘lib, Yerdan taxminan 1110 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan. Bu esa qariyb 10 trillion kilometrga teng masofani anglatadi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur ikki sayyora janubiy osmondagi “Uchuvchi baliq” deb nomlanuvchi yulduz turkumidagi bir yulduz atrofida aylanadi. Taqqoslash uchun, Yupiterning zichligi ushbu sayyoralarnikidan qariyb 35 baravar yuqori hisoblanadi.
Bugungi kunga qadar NASA katalogiga kiritilgan qariyb 6300 ta ekzosayyora orasida bunday “super-puf” turidagi sayyoralar soni 40 tadan ham kam. Shu bois olimlar ularni juda noyob osmon jismlari sifatida baholamoqda.
Mutaxassislar fikricha, bunday sayyoralar yangi shakllanayotgan yulduzlar atrofidagi gazga boy muhitda paydo bo‘ladi va vaqt o‘tishi bilan o‘z moddasining bir qismini yo‘qotadi. Olimlar kelgusida NASAning Jeyms Uebb kosmik teleskopi orqali ularning kimyoviy tarkibini yanada chuqurroq o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ana shunday noodatiy va kam uchraydigan sayyoralarni o‘rganish koinot qanday shakllanganini yaxshiroq tushunishga hamda insonning koinotdagi o‘rni haqidagi bilimlarni kengaytirishga xizmat qiladi.






























Izohlar 0
…