Neymar qaytdi: Braziliya yana chempionlikni orzu qilmoqda

Braziliya milliy jamoasi yulduzi Neymar uzoq tanaffusdan keyin yana terma jamoa safida maydonga qaytdi. Qariyb uch yil davomida mamlakat sharafini himoya qilmagan hujumchining qaytishi nafaqat muxlislar, balki butun futbol jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish va hayajon bilan kutib olindi.
Braziliya bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Mayamida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Neymar haqida iliq fikrlar bildirdi. Uning ta’kidlashicha, futbolchiga qo‘shimcha rag‘bat yoki motivatsiya kerak emas.
«Neymarga alohida motivatsiya shart emas. Bu yerda hamma uni yaxshi ko‘radi. U Braziliya libosini kiyish uchun doimo tayyor», dedi mutaxassis.
Neymarning milliy jamoadagi so‘nggi o‘yinidan buyon deyarli uch yil o‘tdi. 2023 yil oktyabrida Jahon chempionati saralash bahsida olgan og‘ir jarohati — tizza bog‘lamlari va menisk shikastlanishi uni uzoq vaqt maydondan chetlatib qo‘ygandi. Tiklanish jarayoni va o‘yin amaliyoti yetishmasligi ham uning qaytishini kechiktirdi.
Hozir 34 yoshni qarshi olgan Neymar Mayamida o‘tgan bahsda yana terma jamoa libosida ko‘rinish berdi. Uchrashuv davomida Braziliya Shotlandiya ustidan ishonchli g‘alaba qozondi. Vinisius Junior birinchi bo‘limda ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, Mateus Kunya hisobni yanada yiriklashtirdi.

76-daqiqada Kunya o‘rniga Neymar maydonga tushgan payt stadionda haqiqiy bayram muhiti yuzaga keldi. Uning nomi katta ekranlarda paydo bo‘lishi bilan muxlislar qarsaklar va quvonchli hayqiriqlar bilan futbolchini qarshi oldi.
Anchelotti Neymarning harakatlaridan mamnun qolganini yashirmadi.
«U o‘ynashga haqli edi. Neymar tiklanish uchun juda qattiq mehnat qildi va professionallik namoyon etdi. Jahon chempionatida u o‘zining sifatlari bilan jamoaga yordam bera oladi. Maydonda bo‘lgan qisqa vaqt ichida ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi», dedi murabbiy.
Neymar maydonda atigi 20 daqiqa harakat qildi. Shu vaqt davomida u 24 marta to‘pga tegdi va darvoza tomon aniq zarba yo‘llashga ham ulgurdi. Ammo raqamlardan ko‘ra muhimrog‘i — uning qaytishi muxlislarga katta umid bag‘ishlaganidir.

O‘yin tugagach, stadiondagi ekranlar yana Neymarga qaratildi. U tribunaga yaqinlashib muxlislarga minnatdorchilik bildirdi va oldingi qatorda turgan qizchasini bag‘riga bosdi. Bu manzara ko‘pchilik uchun kechaning eng ta’sirli lahzalaridan biri bo‘ldi.
Braziliya so‘nggi marta Jahon chempionatida 2002 yil g‘olib chiqqan. Terma jamoaning oxirgi yirik sovrini esa 2019 yilgi Amerika kubogi hisoblanadi. Shu bois mamlakat muxlislari yana katta g‘alabalarni sog‘inib qolgan.
Mayamidan chiqib ketayotgan muxlislar nafaqat yirik hisobdagi g‘alabadan, balki Neymarning qaytishidan ham mamnun edi.
«Pele barcha davrlarning eng buyuk futbolchisi. Lekin Neymar ham Braziliya tarixidagi eng yaxshilardan biri. Agar u Jahon chempionatini yutsa, Ronaldo va Ronaldino bilan bir qatorda turadi», dedi muxlislardan biri.

Braziliyalik ishqibozlar ishonch bildirishicha, Neymar hali ham o‘yinni o‘zgartira oladigan futbolchi bo‘lib qolmoqda. Uning tajribasi, texnikasi va mashhur «jogo bonito» — chiroyli futbol uslubi terma jamoaga yana katta muvaffaqiyatlar olib kelishi mumkin.
Shunday qilib, uzoq kutilgan qaytish amalga oshdi. Braziliyaning bir vaqtlar unutilgandek tuyulgan qahramoni yana maydonda va muxlislar uning yangi sahifalar yozishini intiqlik bilan kutmoqda.






























Izohlar 0
…