O‘zbekiston Kongo DRga qarshi so‘nggi turda imkoniyatni boy berdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati «K» guruhining uchinchi turida Kongo Demokratik Respublikasiga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Atlantadagi stadionda o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonning yagona golini Eldor Shomurodov urdi.
Shomurodov 10-daqiqada hisobni ochib, terma jamoamizni oldinga olib chiqdi. Biroq ikkinchi bo‘limda Kongo DR vaziyatni o‘zgartirdi. Yoan Vissa 68-daqiqada hisobni tenglashtirdi, 76-daqiqada Ibrohim Mbate jamoasini oldinga olib chiqdi. 90+1-daqiqada Vissa ikkinchi golini kiritib, yakuniy hisobni belgiladi.
Uchrashuv statistikasida Kongo DR ustun bo‘ldi. Afrika jamoasi raqib darvozasi tomon 19 marta zarba yo‘lladi, shundan to‘rttasi aniq chiqdi. O‘zbekiston esa uchta zarba berdi va bittasini darvoza sohasiga yo‘naltirdi.
To‘p nazorati Kongo DRda 58 foizni, O‘zbekistonda 42 foizni tashkil etdi. Kongo futbolchilari 473 ta uzatmani 86 foiz aniqlik bilan amalga oshirdi. O‘zbekiston 350 ta pas berdi, uzatmalar aniqligi 76 foiz bo‘ldi.
Qoidabuzarliklar soni O‘zbekistonda ko‘proq qayd etildi. Terma jamoamiz 15 marta, Kongo DR esa 6 marta fol ishlatdi. Kongo futbolchilari uchta, O‘zbekiston esa ikkita sariq kartochka oldi. Qizil kartochka ko‘rsatilmadi.
Burchak zarbalari bo‘yicha O‘zbekiston 4:2 hisobida ustun keldi. Ofsaydlar Kongo DRda uchta, O‘zbekistonda bittani tashkil qildi.
Guruh bosqichi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston uchta o‘yinning barchasida mag‘lub bo‘lib, ochkosiz to‘rtinchi o‘rinda qoldi. Kongo DR to‘rt ochko bilan uchinchi pog‘onani egalladi. Kolumbiya yetti ochko bilan birinchi, Portugaliya besh ochko bilan ikkinchi bo‘ldi.

































Izohlar 0
…