Janubiy Koreya va Eronga O‘zbekistondan kechikkan «javob»

Jahon chempionati saralashlarida O‘zbekiston bir necha bor boshqa jamoalar natijasiga qarab qolgan. 2014 yilgi mundial saralashining so‘nggi turida Janubiy Koreya o‘z maydonida Eronni mag‘lub etsa, O‘zbekiston Jahon chempionatiga yo‘l olardi. Ammo koreyslar 0:1 hisobida yutqazdi va Eron bilan birga mundialga chiqdi. O‘zbekistonning umidi esa o‘sha kuni so‘ndi, deb yozmoqda «Aslanov bilan futbol» telegram kanali.
2018 yilgi Jahon chempionati saralashida ham shunga o‘xshash vaziyat yuz bergan. O‘zbekiston so‘nggi turda Janubiy Koreya bilan durang o‘ynadi. Pley-offga chiqish uchun Eronning o‘z maydonida Suriyani mag‘lub etishi kerak edi. Lekin o‘sha bahs 2:2 hisobida yakunlandi va O‘zbekiston yana imkoniyatdan mahrum bo‘ldi.
2026 yilgi Jahon chempionatida esa vaziyat teskari tus oldi. Bu safar Eron va Janubiy Koreya O‘zbekistondan kamida durang kutdi. Terma jamoamiz 70 daqiqa davomida ularga kerakli natijani saqlab turdi, ammo o‘yin oxirida uchta gol o‘tkazib yubordi.
Kanal bu holatni hazilomuz tarzda «kechikkan qasos» sifatida talqin qilgan. Yillar davomida O‘zbekiston boshqalar natijasiga qarab qolgan bo‘lsa, bu safar boshqalar O‘zbekistondan natija kutishga majbur bo‘ldi.































Izohlar 0
…