JCH-2026. Kongo DR bilan bahsda O‘zbekistonni mag‘lub etgan uch qahramon

JCH-2026. Kongo DR bilan bahsda O‘zbekistonni mag‘lub etgan uch qahramon

O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun ilk Jahon chempionati muvaffaqiyatsiz yakunlandi. So‘nggi turda vakillarimiz Kongo DRga qarshi o‘yinni gol bilan boshlashgan bo‘lsa-da, yakunda 1:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Afrikaliklar esa irodali g‘alaba evaziga pley-off yo‘llanmasini naqd qilishdi.

«Yevro-Futbol» nashri kongoliklarning ushbu g‘alabasini ta’minlagan eng yaxshi futbolchilar reytingini va ularning 10 ballik tizimdagi baholarini e’lon qildi.

Yoan Vissa — 9,0 (Uchrashuv qahramoni)

«Nyukasl» hujumchisi maydondagi eng yorqin futbolchiga aylandi. U nafaqat penalti ishlab, uni o‘zi aniq amalga oshirdi va o‘yinda burilish yasadi, balki 90-daqiqada dublini rasmiylashtirib, O‘zbekistonning so‘nggi umidlariga ham nuqta qo‘ydi. Uning uchrashuv so‘nggigacha ko‘rsatgan yuqori tezligi alohida e’tirof etildi.

Noa Sadiki — 8,0

Sadiki maydonda xuddi «Barselona» yarim himoyachisi Pedri kabi harakat qildi. U hujumlar trendini belgilab, o‘yin sur’atini nazorat qildi.

  • Raqib maydonining so‘nggi uchdan bir qismiga 14 ta aniq uzatma berdi (o‘yindagi eng yaxshi natija).

  • Ikkita golli hujumni boshlab berdi.

  • 11 ta yakkakurashning 8 tasida g‘olib chiqdi va 3 ta standart vaziyat ishladi.

Fiston Mayele — 8,0

Sedrik Bakambyuning o‘rniga zaxiradan maydonga tushgan Mayele o‘yinning haqiqiy burilish nuqtasi bo‘ldi. U Kongo DRning g‘alaba golini kiritdi. Bor-yo‘g‘i 40 daqiqa ichida raqib jarima maydonchasida 7 marta to‘pga teginib, bu borada uchrashuvning eng yaxshi ko‘rsatkichini qayd etdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar