JCH-2026. O‘zbekiston - Kongo bahsida eng past baho Abduqodir Husanovda

O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun tarixiy mundial juda erta yakunlandi. Guruh bosqichidagi uchala uchrashuvda ham imkoniyat boy berildi. Kongo DRga qarshi so‘nggi bahsda Fabio Kannavaro shogirdlari hisobni tezkorlik bilan ochgan bo‘lsalar-da, ikkinchi bo‘limdagi himoyaviy o‘yin va yo‘l qo‘yilgan xatolar tufayli ketma-ket uchta gol o‘tkazib yuborildi (1:3). O‘yindagi burilish nuqtasi esa darvozamizga belgilangan penalti bo‘ldi.
«Yevro-Futbol» nashri mazkur uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasining ayrim futbolchilari ko‘rsatgan o‘yinni 10 ballik tizimda baholadi.
Eldor Shomurodov — 7,5 (Terma jamoamizning eng yaxshisi)
Terma jamoa sardori va to‘purari bu bahsda o‘z vazifasini to‘liq uddaladi. U chiroyli zarba bilan hisobni ochib, jamoaga umid bag‘ishladi.
Birinchi bo‘limda pressingda faol bo‘ldi va 3 marta to‘pni tortib oldi.
Ikkinchi bo‘limda jamoaning orqaga chekingani unga ham ta’sir qildi; u o‘yin davomida 22 marta to‘pni yo‘qotdi va ikkinchi bo‘lim boshida qulay imkoniyatdan foydalana olmadi. Nashrning qayd etishicha, agar jamoa hujumkor o‘yinni davom ettirganida, Eldor yana gol urishi mumkin edi.
Abbosbek Fayzullayev — 7,0
Mundialdagi ilk golimiz muallifi birinchi bo‘limni yuqori darajada o‘tkazdi.
Shomurodovning golida hal qiluvchi uzatma bermagan bo‘lsa-da, A. Mozgovoyning pasidan keyin to‘pga tegmay, raqib chalg‘ishini ta’minladi va hujum rivojiga katta hissa qo‘shdi.
Himoyada ham faol bo‘lib, 3 marta to‘pni tortib oldi, 4 marta qoida buzgani esa uning maydondagi kurashchanligini ko‘rsatdi. Ammo ikkinchi bo‘limda u ham butun jamoa singari sustlashdi.
Abduqodir Husanov — 3,0 (Omadsiz o‘yin)
«Manchester Siti» markaziy himoyachisi va jamoamiz yulduzi uchun bu uchrashuv juda og‘ir o‘tdi. Nashr unga eng past baholardan birini loyiq ko‘rdi.
Penalti epizodi: Raqib hujumchisi Yoan Vissaga qarshi yetarlicha zich harakat qilmadi, Vissa to‘pga birinchi bo‘lib yetib borganida Husanov uning oyog‘iga zarba berdi va hakam to‘g‘ri penalti belgiladi.
Uchinchi gol: Husanov Vissaning to‘pni erkin qabul qilishiga yo‘l qo‘ydi va qarshilik ko‘rsata olmadi. Oqibatda raqib yarim maydonni bemalol kesib o‘tib, hisobni yiriklashtirdi.































Izohlar 0
…