Superkompyuter Braziliya–Yaponiya o‘yini g‘olibini aytdi

Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadigan Braziliya va Yaponiya o‘rtasidagi JCH-2026 pley-off (1/16 final) bahsi oldidan mashhur Opta tahliliy markazining superkompyuteri o‘z prognozlarini e’lon qildi.
Mazkur raqamli tizim jamoalarning guruh bosqichidagi ko‘rsatkichlari, tarkiblarning bugungi holati va taktik ustunliklarini minglab marotaba simulyatsiya qilib chiqdi. Matematik tahlillarga ko‘ra, Karlo Anchelotti shogirdlari bu bahsning yaqqol favoriti hisoblanadi.
Opta superkompyuterining bahs bo‘yicha taxmini:
Ehtimoliy natija (90 daqiqa ichida) | Imkoniyat darajasi |
Braziliyaning g‘alabasi | 58,3% |
Durang (qo‘shimcha vaqt va penaltilar) | 23,6% |
Yaponiyaning g‘alabasi | 18,1% |
Jamoalar pley-offga qanday yetib kelishdi? «Pentakampeonlar» guruh bosqichida ishonchli o‘yin namoyish etib, «C» kvartetida 7 ochko bilan birinchi o‘rinni egallashdi. Kutilmagan natijalar qayd etishga usta bo‘lgan «samuraylar» esa ancha murakkab kechgan «F» guruhida 5 ochko jamg‘arib, ikkinchi o‘rin bilan pley-off yo‘llanmasini naqd qilishgan edi.
Garchi raqamlar va matematika Braziliya tomonida bo‘lsa-da, pley-off bahslari doimo kutilmagan ssenariylari bilan go‘zal. Yaponiyaning intizomli mudofaasi va qanotlardagi dahshatli tezligi favoritlarni jiddiy qiyinchilikka uchratishi mumkin.
Ayniqsa, o‘yinning qariyb to‘rtdan bir qismi (23,6%) asosiy vaqtda durang bilan tugashi taxmin qilingani, muxlislarni asabiy va hayajonli qo‘shimcha daqiqalar yoki penaltilar seriyasi kutib turgan bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi.































Izohlar 0
…