Meksikada sirli “Betmen” o‘g‘rilarni ustunlarga bog‘lab ketmoqda

Meksikada sirli “Betmen” o‘g‘rilarni ustunlarga bog‘lab ketmoqda

Meksikaning Xalisko shtatida o‘zini xalq himoyachisi sifatida tutayotgan niqobli shaxs atrofidagi voqealar katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda "Meksikalik Betmen" nomi bilan mashhur bo‘lib ulgurgan noma’lum shaxs mototsikl o‘g‘irlashda gumon qilinayotganlarni ushlab, ularni kaltaklab, skotch bilan ko‘cha ustunlariga bog‘lab ketmoqda.

Ma’lum qilinishicha, g‘ayrioddiy hodisalar Xalisko shtatiga qarashli Lagos-de-Moreno munitsipalitetida kuzatilmoqda. Ilk holat 13 iyun kuni qayd etilgan bo‘lib, keyingi o‘n kun ichida yana kamida beshta shunga o‘xshash voqea politsiya tomonidan rasman ro‘yxatga olingan.

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, barcha holatlarda erkaklar mustahkam skotch bilan chiroq ustunlariga bog‘langan holda topilgan. Ular yonida esa o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkin bo‘lgan mototsikllar qoldirilgan.

Internetda tarqalgan foto va videolarda ayrim gumondorlarning yuziga mo‘ylov va mushuk mo‘ylari chizilgani, peshonasiga esa ispan tilida "o‘g‘ri" ma’nosini anglatuvchi "ratero" so‘zi yozib qo‘yilgani ko‘rinadi. Hatto bir holatda ikki nafar erkak bir-biriga orqama-orqa qilib bog‘langan holda yo‘l belgisi ostida qoldirilgan.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, sirli "Betmen" asosan tungi vaqtda harakat qiladi. Bu esa uning shaxsini aniqlashni yanada mushkullashtirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ustunlarga bog‘langan shaxslar ko‘pchilik tomonidan jinoyatchi sifatida baholanayotgan bo‘lsa-da, politsiya ularni, avvalo, tajovuz qurbonlari deb hisoblamoqda. Shu bois mazkur holatlar yuzasidan alohida tergov ishlari olib borilmoqda.

Xalisko shtati jamoat xavfsizligi kotibi Xuan Pablo Ernandesning bildirishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu hodisalarga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan ikkita avtomobilni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

"Biz ushbu hujumlarni sodir etgan shaxsni faol tarzda izlamoqdamiz", — dedi u.

Ayni paytda tergovchilar bu ishlarni bitta odam amalga oshirganmi yoki uning ortida uyushgan guruh turibdimi, degan savolga javob izlamoqda.

Ustunlarga bog‘lab ketilgan shaxslar politsiya tomonidan ozod qilingan va ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Biroq rasmiylar hozircha ushbu shaxslarga nisbatan mototsikl o‘g‘irligi gumoni bo‘yicha alohida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan-qo‘zg‘atilmaganiga oydinlik kiritmagan.

Bu voqealar Lagos-de-Morenoda mototsikl o‘g‘irliklari ko‘paygan davrga to‘g‘ri kelgani mahalliy aholi orasida keskin norozilikni keltirib chiqardi. Shu sababli "niqobli qasoskor" haqidagi video va fotosuratlar TikTok, X hamda Instagram platformalarida tez sur’atlarda ommalashdi.

Ayrim foydalanuvchilar uni huquq-tartibot tizimi ojiz qolgan joyda adolat o‘rnatayotgan qahramon sifatida baholamoqda. Biroq inson huquqlari himoyachilari bunday o‘zboshimchalik bilan jazo berish amaliyoti xavfli oqibatlarga olib kelishi, zo‘ravonlikni yanada kuchaytirishi va sud-huquq tizimiga bo‘lgan ishonchni susaytirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Hozircha politsiya sirli "Meksikalik Betmen"ni qidirish va voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash ishlarini davom ettirmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar