22:05 / 19.10.2018
2 313

PFL Musobaqalarni boshqarish bo‘yicha markazlashgan elektron tizimni yo‘lga qo‘ymoqda

PFL Musobaqalarni boshqarish bo‘yicha markazlashgan elektron tizimni yo‘lga qo‘ymoqda
O‘zbekiston Professional futbol ligasi kelasi yildan boshlab o‘zining Musobaqalarni boshqarish bo‘yicha markazlashgan elektron tizimini yo‘lga qo‘yadi.

Ayni paytda yakuniy sinov jarayonidan o‘tkazilayotgan mazkur elektron tizim PFL bayrog‘i ostida tashkil etiladigan turli musobaqalar uchrashuvlarini o‘tkazish bo‘yicha va ularda ishtirok etadigan klublar uchun bir qator qulaylik hamda yengilliklar yaratadi.

Jumladan, endi klublar mavsum boshida futbolchilarini chempionat uchrashuvlarida maydonga tushish uchun ro‘yxatdan o‘tkazish maqsadida avvalgidek turli-tuman qog‘ozlar va hujjatlar to‘ldirib o‘tirishi zarur bo‘lmaydi. Ya’ni, klublar kerakli hujjatlar formalarini elektron tizimga joylashtirishadi va PFL binosiga kelmasdanoq o‘z futbolchi va murabbiylarini “zayavka”dan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu orqali ilgari talab qilingan bir qator ortiqcha qog‘oz va hujjatlardan voz kechishga erishiladi.

Qolaversa, Musobaqalarni boshqarish bo‘yicha markazlashgan elektron tizimda futbolchilarning ma’lumotlar ombori yaratiladi. Bu esa har qanday futbolchining ma’lumotlari uning juda yosh paytidanoq PFLning elektron tizimiga kiritilishini ta’minlaydi. Yosh futbolchi ulg‘aygani sari uning ma’lumotlari, o‘ynagan jamoalari, musobaqalari, maydonga tushgan uchrashuvlari va gollari haqida batafsil ma’lumot to‘planib boradi. Bu orqali futbolchilarning yosh kichraytirish masalasiga chek qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Zero 6 yoshidan boshlab qachondir PFL Musobaqalarni boshqarish bo‘yicha markazlashgan elektron tizimiga ma’lumoti kiritilgan futbolchi keyinchalik aslo boshqa nom yoki yoshni ko‘rsata olmaydi.

Musobaqalarni boshqarish bo‘yicha markazlashgan elektron tizim, shuningdek, milliy chempionatlarimiz uchrashuvlari qaydnomalarini elektron shaklda yagona manbada saqlash vazifasini ham o‘tab beradi. Bunda futbolchilarning uchrashuvlar davomida oladigan sariq yoki qizil kartochkalari avtomatik ravishda hisoblab boriladi va mabodo qaysidir futbolchi keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi lozim bo‘lsa, bu haqdagi ma’lumot elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tgan uning klubi hamda o‘sha uchrashuv komissariga shu zaxotiyoq borib tushadi.

Musobaqalarni boshqarish bo‘yicha markazlashgan elektron tizim PFL tomonidan o‘tkaziladigan barcha musobaqalar sarhisobini yuritish, unda qatnashadigan barcha o‘yinchilar, murabbiylar, rasmiy shaxslar bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar to‘plab borishda ancha qulayliklar va afzalliklarga ega. Kelasi mavsumdan klublar bosqichma-bosqich mazkur tizimda elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tishadi.

Manba: pfl.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » PFL Musobaqalarni boshqarish bo‘yicha markazlashgan elektron tizimni yo‘lga qo‘ymoqda