16:09 / 18.03.2021
1 363

Dilshodbek Ro‘zmetov: "Maqsadim - Tokio Olimpiadasi, xato qilishga haqqim yo‘q!"

Dilshodbek Ro‘zmetov: "Maqsadim - Tokio Olimpiadasi, xato qilishga haqqim yo‘q!"
81 kg vazn toifasida o‘zbekistonlik bokschilar har doim kuchlilar safidan o‘rin olib kelgan. Ularning yo‘lini hozirda yosh iste’dodli charmqo‘lqop ustasi, jahon vitse-chempioni Dilshodbek Ro‘zmetov munosib davom ettirib kelmoqda.

Yaqindagina “Stranja” xalqaro turniri g‘olibiga aylangan Dilshodbek Tokio Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, uning ishtirok etishi va to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida yurtimiz bayrog‘ini sarbaland qilishiga ishonchimiz yuqori...

Biz ushbu bokschimiz bilan bog‘lanib, uning faoliyatiga biroz nazar tashlagan holda suhbatga tortdik.

- Dilshodbek dastlab an’anaviy savoldan boshlasak, umuman boks olamiga kirib kelishingiz tarixi qanday bo‘lgan. Odatda, ko‘plab mashhurlarning sportga kirib kelishiga jiddiy holatlar, qiziq voqeliklar sabab bo‘ladi?
- Boksga kirib kelishimga dadam sababchi, dadam va akalarimning o‘zlari kurashchi bo‘lgan. Afsonaviy Muhammad alining janglarini ko‘rsatib, sen bokschi bo‘lasan, derdi. Yaratganni inoyati bilan dadamning istaklari va orzularini amalga oshirmoqdaman.

- Xorazmlik ekanligingizni inobatga olsak, baribir ushbu zamin bokschilaridan biriga havas qilganligingiz aniq yoki adashdimmi?
- Ha, albatta. Xorazmdan yaxshi saviyadagi bokschilar chiqqan. Ular va yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek Muhammad Ali hamda Vasiliy Lomachenkoga yoshligimdan havas qilganman.

- Birinchi murabbiy aksariyat holatda shogirdining kelajagini belgilaydi. Ya’ni, maktab to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi kerak. Shu nuqtai nazardan kelib chiqsak, dastlabki boks sir-asrorlarini kimdan o‘rgangansiz?
- Ilk murabbiyim xorazmlik Ilhom Sa’dullayev bo‘lgan. Shu insondan boksning dastlabki saboqlarini olganman. Shu o‘rinda ushbu murabbiyimga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.

- Hozirgi erishayotgan muvaffaqtyalaringizda Farrux Qilichevning ham beqiyos xizmati bor, shunday emasmi?
- Shubhasiz, juda katta hissalari bor. Menga bor mehnatini ayamay, muvaffaqiyatsizlikda dalda berib, yanada kuchliroq bo‘lishga o‘rgatadi.

- Kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida necha marta ishtirok etgansiz va natijalar qanday bo‘lgan?
- Uch marta qatnashganman. 2017 yil ilk urinishimda chorak finalga yetib borgandim. 2018 yil esa, 2-o‘rinni, 2020 yil 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim.

- 81 kg vazn toifasida harakat qilasiz, gabaritingizdan kelib chiqib aytganda, bu siz uchun ideal vazn bo‘lsa kerak?
- Albatta, men uchun juda qulay. Sababi, ortiqcha vaznda yurmayman. Vazn tashlamayman, o‘zimning tabiiy og‘irligim 81 kg ni tashkil qiladi.

- Baribir yurtimizda bu vazn toifasida ham mahoratli bokschilar bor. Ulardan kimlarni ijobiy ma’noda asosiy raqobatchi sifatida ko‘rasiz?
- Yuqori saviyadagi bokschilar juda ko‘p. Ular orasida Kozimbek Mardonov hamda Shohruh Rustamovlarni alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim.

- Jahon miqiyosidachi?
- Asli kubalik Ozarbayjon nomidan chiqadigan Loren Alfonso Dominges, angliyalik va qozog‘istonlik bokschilarni aytib o‘tishim mumkin.

- Kutilmaganda Iordaniyadagi litsenzion turnirda mag‘lub bo‘ldingiz. Buni nima bilan izohlagan bo‘lardingiz?
- Barchasi Allohdan! Bundan qattiq qayg‘uga tushganim yo‘q. Bu menga juda katta dars bo‘ldi va o‘z ustimda yanada yaxshiroq, kuchliroq ishlay boshladim.

- Aksiga olib, so‘nggi litsenzion turnir bekor qilindi va endi, reytingga qarab Tokio yo‘llanmasi taqdim etiladi. Reytingda siz yaqqol yetakchilardansiz. Lekin yangilangan reyting qanday bo‘ladi, qaysi musobaqadan kelib chiqib tuziladi, bu noma’lum. Mazkur holat sizni xavotirga solmayaptimi?
- To‘g‘ri, litsenziya endi reytingga qarab beriladi. Mening ochkolarim esa yetarlicha, nazarimda so‘nggi jahon chempionati bu borada muhim rol o‘ynasa kerak. Shuning uchun xavotirga tushayotganim yo‘q. Har bir sinov yaxshilik uchun deb o‘ylayman!

- Professional boks haqida o‘ylamayapsizmi?
- Nasib qilsa, professional boksda ham faoliyat yuritish niyatim bor. Faqat Olimpiadadan so‘ng bu yo‘nalishda ham o‘z yurishimni boshlayman.

- Balki, hozirdan sizga promouterlik kompaniyalardan qiziqishlar bo‘layotgandir, bu o‘zbekistonlik bokschilar uchun tabiiy holatga aylanib ulgurdiku?
- Ha, juda ko‘p takliflar bo‘ldi. Biroq, Olimpiadadan keyin va murabbiylarim bilan maslahatlashgan tarzda ish ko‘raman. Hozirda asosiy maqsadim Olimpiada!

- Sir bo‘lmasa, qaysi promouterlik kompaniyalardan takliflar bo‘ldi?
- Men “Mir boksa”ni bilaman. Qolganlari murabbiylarimga ma’lum...

- “Stranja” turnirida yaxshi saviyadagi raqiblarni mag‘lub etdingiz. Aytingchi, ular orasida qay biri sizga nisbatan noqulayliklar tug‘dirdi?
- Bu turnirda xech bir raqibimga qarshi jangda qiynalmadim. Chunki, juda yaxshi “forma”ga kirganimni his qildim. Oldimda juda mas’uliyatli turnirlar bor va endi xato qilishga haqqim yo‘q!

- Terma jamoa safida va umuman bokschilarimiz orasida futbolni yaxshi ko‘radigan va maydonda ham juda zo‘r o‘ynaydiganlar talaygina. Jumladan, Shahobiddin, Hasanboy, Shahram, Bahodir, Isroil... ?
- Nima demoqchi bo‘lganingizni tushundim. Futbolni juda yaxshi ko‘raman. Yoshlikdan futbol o‘ynab katta bo‘lganmiz. Ochig‘i, bu borada yaxshigina talantim bor. Biroq, o‘zim o‘ynashni yoqtiraman. Muxlislik qiladigan klubim va futbolchim yo‘q.

- Shu o‘rinda boks muxlisariga o‘zingizni dil so‘zlaringiz va tilaklaringizni aytib o‘tishingiz mumkin?
- Muxlsilarga juda katta minnatdorchilik bildirib qolaman. Ular bizni har qanday holatda ham qo‘llab-quvvatlab turadi. Qolaversa, yosh bokschilarimizga kelajakdagi faoliyatlariga omad tilab qolaman. O‘ylaymanki, bizga ishonayotganlarni ishonchini oqlab, yaxshi natijalar qayd etishda davom etamiz!

- Oldingizga qo‘ygan barcha maqsadlaringizga erishib, orzularingiz amalga oshishiga tilakdoshmiz!
- E’tibor uchun katta rahmat!

Ahmadbek Eshmatov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Dilshodbek Ro‘zmetov: "Maqsadim - Tokio Olimpiadasi, xato qilishga haqqim yo‘q!"