Rossiya va Xitoy olimlari qattiq tanali akkumulyatorlar uchun yangi elektrolit yaratdi

Rossiya va Xitoy olimlari qattiq tanali akkumulyatorlar uchun yangi elektrolit yaratdi
Audio versiyasi

Rossiya va Xitoy olimlari qattiq tanali akkumulyatorlarning xavfsizligi, barqarorligi va xizmat muddatini oshirishga xizmat qiluvchi takomillashtirilgan keramik elektrolit hamda maxsus himoya qatlamini ishlab chiqishdi. Mazkur loyihada “Ideya” ilmiy markazi, M.V. Lomonosov nomidagi MDU, Sian Szyootun universiteti va “Dubna” davlat universiteti mutaxassislari ishtirok etishdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Tadqiqotning asosiy maqsadi istiqbolli qattiq tanali litiyli batareyalarning eng katta muammolaridan biri — qisqa tutashuvga olib kelishi mumkin boʻlgan litiy dendritlari hosil boʻlishini bartaraf etishdir. Buning uchun tadqiqotchilar keramik kukunlarni yirik va mayda zarralar bilan aralashtirib, elektrolit tarkibini yaxshilashdi. Natijada material yanada zichroq, mustahkamroq hamda kimyoviy va elektrokimyoviy taʼsirlarga chidamli boʻldi.

Bundan tashqari, keramik elektrolit va litiy anodi oʻrtasida yupqa ikki qatlamli himoya interfeysi yaratildi. Ushbu qatlam keramikaning yemirilishini oldini oladi va dendritlar oʻsishini sekinlashtiradi. Yangi himoya qatlamiga ega akkumulyatorlar 1400 soatdan ortiq ishladi, bu esa himoyalanmagan analoglarga qaraganda qariyb ikki baravar koʻp demakdir.

Sinovlar natijasiga koʻra, 100 ta zaryadlash va quvvatsizlanish siklidan soʻng batareyalar oʻzining dastlabki sigʻimini 95 foizga saqlab qoldi, kulon samaradorligi esa 99,9 foizni tashkil etdi. Shuningdek, 300 °C haroratgacha qizdirilganda ham yangi elementlar oʻz butunligini saqlab qolgan boʻshsa, himoya qatlami boʻmagan namunalar parchalanib ketgan.

Olimlarning taʼkidlashicha, ushbu texnologiya nafaqat samarali, balki keng miqyosda ishlab chiqarishga ham mos keladi. Bu esa qattiq tanali akkumulyatorlarni real qurilmalarda amaliy qoʻllash jarayonini sezilarli darajada yaqinlashtirishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar