Samsung Galaxy S27 Pro: Ultra modeldan qiziqroq kamera va ixcham ekran

Samsung kompaniyasining boʻlajak Galaxy S27 Pro smartfoni haqida yangi tafsilotlar paydo boʻldi. Maʻlumotlarga koʻra, qurilma 5000 mA/soat sigʻimli akkumulyator va 6,5 dyuymli displey bilan jihozlanadi. Bu esa uni Galaxy S27 Ultra modelidan sezilarli darajada ixchamroq qiladi. Kichikroq ekran kundalik foydalanishda kamroq energiya sarflashi hisobiga, Pro versiya avtonomlik borasida Ultra bilan tenglashishi yoki hatto undan oʻzib ketishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Har ikkala smartfon ham Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro chipseti bilan taʻminlanishi kutilmoqda. Bu esa qurilmalarning unumdorlik va energiya samaradorligi darajasi bir xil boʻlishini anglatadi. Samsung yangi avlodda asosiy eʻtiborni nafaqat quvvatga, balki dasturiy va apparat taʻminotining uygʻunligiga qaratmoqda.
Kamera borasida Galaxy S27 Pro kutilmagan ustunlikka ega boʻlishi mumkin. Mish-mishlarga koʻra, u Ultra modelidagi kabi asosiy va oʻta keng burchakli sensorlarni oladi, biroq qoʻshimcha ravishda 3,5 karra optik yaqinlashtirishga ega 50 megapikselli teleobyektiv bilan jihozlanadi. Taqqoslash uchun, Ultra modeli 10 megapikselli 3x teleobyektivdan voz kechib, 200 megapikselli asosiy kameradan kadrni qirqib olish (cropping) texnologiyasiga tayanishi aytilmoqda.
Shunday qilib, Samsung Galaxy S27 Pro koʻpchilik foydalanuvchilar uchun Ultra modeliga qaraganda amaliyroq va qiziqarliroq tanlovga aylanishi mumkin. Garchi Ultra seriyaning eng kuchli flagmani boʻlib qolsa-da, Pro versiya oʻzining ixchamligi va takomillashgan teleobyektivi bilan bozorda alohida oʻrin egallashi kutilmoqda.





























Izohlar 0
…