«Olomon boshqaruviga chek qoʻyildi»: Ozod Kashmirda internet oʻchirildi

2026-yil 5-iyun kuni Pokiston nazorati ostidagi Ozod Jammu va Kashmir shtatida internet aloqasi kutilmaganda butunlay uzib qoʻyildi. Mintaqa bosh vaziri Feysal Mumtoz Rathor ushbu vaziyatga izoh berar ekan, bu chorani «olomon boshqaruvining yakuni» deb atadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
NetBlocks tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, aloqa 9-iyunga rejalashtirilgan ommaviy norozilik namoyishlari va blokada arafasida gʻoyib boʻlgan. Bunga hukumatning «Birlashgan xalq harakati qoʻmitasi» (Joint Awami Action Committee, JAAC) faoliyatini aksilterror qonuniga asosan taqiqlab qoʻygani sabab boʻldi.
JAAC qoʻmitasi hukumatdan un narxini pasaytirish, elektr energiyasini arzonlashtirish va qochqinlar uchun assambleyada ajratilgan maxsus oʻrinlarni bekor qilishni talab qilmoqda. Bu kabi noroziliklar mintaqada birinchi marta kuzatilayotgani yoʻq.
Eslatib oʻtamiz, 2025-yilda JAAC tomonidan tashkil etilgan namoyishlar toʻqnashuvlarga, inson talafotlariga va hukumatning qisman yon berishiga olib kelgan edi. Bu safar rasmiylar preventiv choralar koʻrishga qaror qildi: internet bloklandi, xavfsizlik choralari kuchaytirildi, maktablarda darslar qoldirildi va turistlardan mintaqani tark etish soʻraldi.





























Izohlar 0
…