Bir og‘iz latifa sababli turk milliarderi tergovga tortildi

Bir og‘iz latifa sababli turk milliarderi tergovga tortildi

Turkiyaning Izmir shahri Bosh prokuraturasi kurdlar haqida hazil aytgan tadbirkor P.K.ga nisbatan rasmiy tergov boshlaganini ma’lum qildi.

Prokuratura matbuot xizmati tarqatgan bayonotga ko‘ra, tadbirkorning aytgan gaplari yuzasidan Turkiya Jinoyat kodeksining 216-moddasi doirasida ish qo‘zg‘atilgan. Ushbu modda aholining muayyan qatlamini ijtimoiy kelib chiqishi, irqi, dini, mazhabi, jinsi yoki hududiy farqlari asosida ommaviy tarzda haqorat qilish holatlarini qamrab oladi.

“Haberler” nashri xabar berishicha, mazkur voqea Turkiyaning eng yirik sanoat guruhlaridan biri hisoblangan “Koç Holding” konglomeratining faxriy raisi Mustafo Rahmi Koch bilan bog‘liq. U Izmirning Balchova tumanida joylashgan shifoxonaning ochilish marosimida kurd ayoli haqida latifa aytib bergan.

Ma’lum qilinishicha, hazil mazmuni ayol jinsi va kurd millatiga mansublik, shuningdek, tibbiy maxfiylik mavzulari bilan bog‘liq bo‘lgan.

Tadbirdagi nutqdan olingan video ijtimoiy tarmoqlarda tez sur’atlarda tarqalib, jamoatchilik hamda siyosiy doiralarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Keskin tanqidlardan so‘ng Mustafo Rahmi Koch o‘z chiqishida hech kimni ranjitish yoki haqorat qilish maqsadini ko‘zlamaganini ta’kidlab, jamoatchilikdan uzr so‘radi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar faqat tadbirkorning o‘zi bilan cheklanib qolmadi. Tadbirda qatnashgan Turkiyaning sobiq bosh vaziri Binali Yildirim ham tanqidlar markazida qoldi. Foydalanuvchilar Koch nutq so‘zlayotgan vaqtda Yildirimning kulib turgani aks etgan kadrlarga alohida e’tibor qaratdi.

Mustafo Rahmi Kochning chiqishiga Turkiya Adliya vaziri Akin Gurlek ham munosabat bildirdi.

“Adolat mezoni insonning boyligi, lavozimi yoki jamiyatdagi maqomiga qarab o‘zgarmaydi. Bunday so‘zlarning hazil yoki yumor ko‘rinishida aytilgani ayollarimiz va jamiyatimizning muayyan qatlamiga nisbatan qilingan bu noo‘rin munosabatni oqlamaydi”, deya yozdi vazir o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi vakili O‘mer Chelik ham bu masala yuzasidan fikr bildirib, e’tiqod, etnik kelib chiqish, madaniy mansublik, shaxsiy o‘zlik yoki jins asosida kamsitish va haqorat qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.

“Koç Holding” rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur konglomerat Turkiya iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. Kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari energetika, avtomobil sanoati, iste’mol mahsulotlari hamda moliya sohalarini qamrab oladi. Xoldingning umumiy daromadi mamlakat yalpi ichki mahsulotining taxminan 7 foiziga teng bo‘lsa, eksportdagi ulushi qariyb 8 foizni tashkil etadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar