Google Ilon Maskning superkompyuteri uchun oyiga qariyb 1 mlrd dollar toʻlaydi

Google Ilon Maskning superkompyuteri uchun oyiga qariyb 1 mlrd dollar toʻlaydi

Google kompaniyasi sunʼiy intellekt tizimlarini rivojlantirish maqsadida SpaceX bilan hisoblash resurslarini ijaraga olish boʻyicha yirik kelishuv imzoladi. Eʼlon qilingan hujjatlarga koʻra, 2026-yil oktyabridan 2029-yil iyuniga qadar Google taxminan 110 000 dona NVIDIA grafik protsessorlari, markaziy protsessorlar va xotira infratuzilmasidan foydalanish uchun har oy 920 million dollar toʻlaydi. Shartnomaning umumiy qiymati butun davr uchun 30 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Ushbu kelishuv koʻlami boʻyicha SpaceX va Anthropic oʻrtasidagi avvalgi bitimga yaqin hisoblanadi. May oyi oxirida Anthropic kompaniyasi Memfis yaqinidagi Colossus 1 maʼlumotlar markazining barcha hisoblash quvvatlaridan foydalanish uchun oyiga 1,25 milliard dollar toʻlashga rozi boʻlgan edi. Dastlab xAI ehtiyojlari uchun qurilgan ushbu obyekt hozirda SpaceX tuzilmasiga kiradi.

SpaceX bosh direktori Elon Musk IPO jarayoniga tayyorgarlik koʻrayotgan kompaniya Colossus maʼlumotlar markazi klasterlarini Anthropic kompaniyasiga sunʼiy intellektni oʻqitish uchun faqat olti oyga ijaraga berishga rozi boʻlganini maʼlum qildi. Biroq, u kelishuv bir necha yilga uzaytirilishi mumkinligini ham istisno qilmadi.

Google vakillarining tushuntirishicha, ushbu shartnoma Gemini Enterprise platformasi va kompaniyaning boshqa sunʼiy intellekt xizmatlariga boʻlgan kutilmagan yuqori talab bilan bogʻliq. Korporatsiya oʻzining ulkan hisoblash resurslariga ega boʻlishiga qaramay, mijozlarga xizmat koʻrsatish uchun qoʻshimcha quvvatlarga ehtiyoj sezgan. Shartnomada 2026-yil 31-dekabrdan keyin 90 kunlik ogohlantirish bilan kelishuvni bekor qilish imkoniyati ham koʻzda tutilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar