OpenAI yangi “super ilova” ustida ishlamoqda

OpenAI yangi “super ilova” ustida ishlamoqda

OpenAI yaqin haftalarda ChatGPT’ning yangilangan versiyasini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Financial Times nashrining xabar berishicha, ushbu yangilanish dasturlash vositalari va sunʼiy intellekt agentlarini oʻz ichiga olgan haqiqiy “super ilova”ga aylanadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Kompaniyaning asosiy maqsadi Anthropic kabi raqobatchilar bilan kurashda ustunlikka erishish, ayniqsa, biznes mijozlar segmentida oʻz oʻrnini mustahkamlashdir. Shuningdek, OpenAI IPO (aksiyalarni ommaviy joylashtirish) oldidan daromadlilik darajasini oshirishni koʻzlamoqda. Bu bepul foydalanuvchilarni pullik mahsulotlarga, xususan, Codex dasturlash vositasiga yoʻnaltirishni anglatadi.

OpenAI’ning yuqori lavozimli xodimlaridan biri vaziyatni izohlar ekan, “Chat oʻldi” deya taʼkidlagan. Kompaniyaning asosiy mahsulot va platformalar boʻlimi rahbari Thibault Sottiaux’ning soʻzlariga koʻra, jamoa foydalanuvchining shaxsiy va ish hayotidagi barcha masalalarda yordam bera oladigan shaxsiy agent ustida ishlamoqda.

OpenAI’ning “super ilova” yaratish ambitsiyalari haqida oʻtgan yildan beri xabarlar tarqalmoqda. Mart oyida The Wall Street Journal ushbu rejalar kompaniya strategiyasida katta burilish ekanini yozgan edi. Endilikda OpenAI rahbariyati Sora video generatori kabi “ikkinchi darajali loyihalardan” voz kechib, bor eʼtiborni asosiy ekotizimga qaratmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar