Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida yashovchi 76 yoshli Olga Ivanovna internet olamida kutilmaganda yulduzga aylandi. U nafaqada bo‘lishiga qaramay, zamonaviy kibersport va striming dunyosida katta yutuqlarga erishdi, deb yozmoqda Peopletalk.
2021 yilda uning nabirasi sensorli smartfon sovg‘a qildi. Shu orqali Olga internetda o‘yin o‘ynab, jarayonni to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda namoyish qilayotgan odamlarni ko‘rib qoldi.
Shundan ilhomlanib, u ham strim boshladi. Bir paytlar umumiy ovqatlanish sohasida muhandis bo‘lib ishlagan buvi nafaqada zerikmaslik uchun yangi mashg‘ulot topdi.
Olga Ivanovna asosan Counter Strike translyatsiyalari bilan tanildi, ammo Minecraft, Tomb Raider, Metro, Bioshock, Atomic Heart va Diablo 2 kabi turli o‘yinlarni ham o‘ynaydi.
Hozirda uning kanalida 220 mingdan ortiq obunachi bor, har bir efirini esa o‘rtacha 450 kishi tomosha qiladi.
Tomoshabinlar yordamida u oyiga taxminan 100 ming rubl daromad qiladi. Ushbu mablag‘ nafaqat shaxsiy ehtiyojlari, balki oilasi qarzlarini to‘lashga ham yordam bergan. Qolaversa, uning obunachilari 73 yoshidagi orzusini — parashyutda sakrashni amalga oshirishga moliyaviy yordam ko‘rsatishgan.
Olga Ivanovna o‘z misolida “nafaqa — bu hayotning to‘xtashi emas, balki yangi bobning boshlanishi” ekanini namoyish qildi. Uning hikoyasi nafaqat Rossiyada, balki butun dunyoda keksalar ham yangi texnologiya va qiziqishlarni o‘zlashtira olishini isbotladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!