Afsonaviy Winamp pleeri Deezer bilan hamkorlikda qaytmoqda

Raqamli musiqa olamida oʻziga xos tarixga ega boʻlgan va millionlab foydalanuvchilarning yoshligini eslatuvchi Winamp brendi yangi musiqiy pleer hamda preminum striming xizmatini ishga tushirishga hozirlik koʻrmoqda. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, Winamp va Deezer kompaniyalari oʻrtasida strategik hamkorlik imzolangan boʻlib, u kelajakdagi musiqiy obuna xizmatini taqdim etishga qaratilgan. Ushbu qadam afsonaviy dasturning zamonaviy striming davriga moslashib, katta bozorda oʻz oʻrnini qaytadan egallashga urinishidir. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Imzolangan kelishuvga koʻra, Winamp oʻzining tanish brendi va noyob foydalanuvchi interfeysini saqlab qolgan holda, Deezer texnologiyalari hamda uning global litsenziyalangan musiqa katalogidan foydalanadi. Yangi avlod Winamp Player dasturini 2027 yilning birinchi yarmida chiqarish rejalashtirilgan. Kompaniyalarning taʼkidlashicha, yangi ilova anʼanaviy striming platformalaridan tubdan farq qilib, foydalanuvchilarga butunlay boshqacha tajriba taqdim etadi.
Yangi avlod pleerining imkoniyatlari
Kelgusi yilda taqdim etilishi kutilayotgan ilova faqatgina onlayn musiqa tinglash bilan cheklanib qolmaydi. Dastur foydalanuvchining shaxsiy mahalliy musiqa kutubxonalari, internet-radio stansiyalari, podkastlar va shaxsiy bulutli kolleksiyalarini yagona ilovada birlashtirishga moʻljallangan. Bu esa tinglovchilarga barcha sevimli audiolarni bir joyda boshqarish imkonini beradi.Shuningdek, yangi Winamp interfeysni moslashtirish, ijtimoiy funksiyalar hamda musiqalarni qidirish, tartibga solish jarayonlariga alohida eʼtibor qaratadi. Dastur yaratuvchilari bugungi kundagi raqamli striming gigantlari hukmron bozor sharoitida oʻzlarining oʻziga xos yondashuvi bilan ajralib turishiga tayanmoqda.
Bozordagi raqobat va retro texnologiyalar toʻlqini
Hozirgi kunda musiqa striming bozori Spotify, Apple Music va YouTube Music kabi ulkan platformalar bilan toʻla. Shunday ekan, foydalanuvchilarning yana bitta pullik obunaga pul toʻlashga tayyorligi hozircha soʻroq ostida turibdi. Shunga qaramay, Winamp oʻzining bepul ish stol versiyasidan hozirgi kunda ham 40 milliondan ortiq faol foydalanuvchi foydalanayotganini taʼkidlaydi.Ushbu eʼlon soʻnggi paytlarda kuzatilayotgan retro texnologiyalarga boʻlgan qiziqishning ortishi fonida sodir boʻlmoqda. Kasseta lentalari, MP3 pleerlar va hatto iPod qurilmalariga nisbatan nostalgiya kayfiyati kuchaygan bir paytda, Winamp oʻzining boy tarixidan unumli foydalanishni maqsad qilgan. Yillar davomida NFT integratsiyasi va ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash kabi turli yoʻnalishlarni sinab koʻrgan brend bu safar oʻzining asl qadriyatlariga qaytmoqda.






























Izohlar 0
…