Xiaomi 17T va 17T Pro narxlari hamda texnik xususiyatlari maʻlum boʻldi

Rossiyaning DNS riteyleri yangi Xiaomi 17T va Xiaomi 17T Pro smartfonlarining narxlari hamda toʻliq texnik xususiyatlarini muddatidan avval eʻlon qildi. Maʻlumotlarga koʻra, Xiaomi 17T modelining 12/256 GB xotiraga ega boshlangʻich versiyasi taxminan 50 ming rubldan sotuvga chiqadi. 512 GB xotirali talqini esa biroz qimmatroq boʻladi. Xiaomi 17T Pro modeli esa 12/256 GB varianti uchun 68 ming rubldan boshlanib, 1 TB xotirali eng yuqori talqini 83 ming rublgacha baholanmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Xiaomi 17T smartfoni 6,59 dyuymli OLED displey bilan jihozlangan boʻlib, u 2756 x 1268 pikselli aniqlik, 120 Hz yangilanish chastotasi va 3500 nit maksimal yorqinlikni taʻminlaydi. Qurilma MediaTek Dimensity 8500-Ultra protsessori asosida ishlaydi. Kamera qismida Leica bilan hamkorlikda yaratilgan 50, 50 va 12 megapikselli datchiklar oʻrin olgan. Shuningdek, 6500 mAs sigʻimli akkumulyator 67 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasini qoʻllab-quvvatlaydi.
Xiaomi 17T Pro modeli esa yanada kuchliroq MediaTek Dimensity 9500 platformasiga ega boʻldi. Uning 6,83 dyuymli OLED ekrani 144 Hz chastotada ishlaydi. Akkumulyator sigʻimi 7000 mAs gacha oshirilgan boʻlib, u 100 vattli simli va 50 vattli simsiz quvvatlash imkoniyatiga ega. Har ikkala smartfon IP68 suv va changdan himoya standarti, NFC va Android 16 asosidagi HyperOS 3 interfeysi bilan taʻminlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!