Tarixdagi ilk raketa shahri: Ilon Maskning Starbase loyihasi bir yoshga toʻldi

Texas shtatida, Meksika koʻrfazi sohilida joylashgan kichik Boca Chica qishlogʻi rasman Starbase shahriga aylanganiga roppa-rosa bir yil boʻldi. 30-may kuni shahar aholisi va kosmodrom xodimlari ushbu sanani jonli konsertlar hamda pikniklar bilan keng nishonlashdi. Oʻtgan bir yil davomida Starbase tanib boʻlmas darajada oʻzgardi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hozirda shahar va kosmodrom infratuzilmasi tarixdagi eng quvvatli kosmik kema — Starship sinov parvozlarini amalga oshirish uchun jadal rivojlanmoqda. Shu bilan birga, mahalliy hukumat va SpaceX plyajlar hamda ekotizimni saqlab qolish muhimligini taʼkidlamoqda — tabiatni muhofaza qilish ustuvor vazifa boʻlib qolmoqda.
SpaceX kompaniyasi Starbase shahrini kosmik texnologiyalar markazi sifatida rivojlantirishni maqsad qilgan. Shahar maqomini olishdan asosiy koʻzlangan maqsad — suv taʼminoti, elektr energiyasi va yoʻllar kabi kommunal xizmatlarni Kameron okrugi bilan kelishmasdan, mustaqil boshqarish imkoniyatiga ega boʻlishdir.
Shuningdek, bu maqom raketa uchirish vaqtida mahalliy yoʻllar va plyajlarni yopish jarayonini soddalashtiradi. Avvalari bu masalada rasmiylar bilan kelishish ancha murakkab kechar edi. Bundan tashqari, Starbase oʻz xodimlari uchun turar-joy va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishi mumkin, bu esa yangi mutaxassislarni jalb qilishda muhim ahamiyatga ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!