Uber robotaksilarda qoldirilgan gʻalati buyumlar roʻyxatini eʼlon qildi

Uber robotaksilarda qoldirilgan gʻalati buyumlar roʻyxatini eʼlon qildi

Uber kompaniyasi oʻzining anʼanaviy "Lost & Found Index" hisobotini taqdim etdi. Oxirgi 10 yil davomida yoʻlovchilar tomonidan qoldirilgan buyumlar roʻyxati jamiyatning oʻziga xos antropologik manzarasini aks ettirib kelmoqda. Bu yilgi hisobotda asosiy eʼtibor yangi yoʻnalish — robotaksilarga qaratildi. Kompaniyaning maʼlum qilishicha, oʻtgan bir yil davomida haydovchisiz boshqariladigan avtomobillarda minglab buyumlar unutilgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Robotaksilarda qoldirilgan ashyolar orasida smartfon, hamyon va kalitlar kabi odatiy narsalardan tashqari, kutilmagan buyumlar ham uchraydi. Masalan, sunʼiy tishlar toʻplami, "I Heart Hot Dads" yozuvli sumka, "Emotional Support Human" deb yozilgan koʻk rangli kepka, Squishmallow oʻyinchoqlari va Charli XCX posteri shular jumlasidandir. Bu kabi holatlar Uber tarmogʻida robotaksilar naqadar ommalashib borayotganini koʻrsatadi.

Hozirda Uber oʻzining AV (avtonom transport vositalari) biznesini kengaytirmoqda. 2025-yil mart oyida Ostin shahrida "Waymo on Uber" xizmati ishga tushirilishi bilan bu soha yangi bosqichga chiqdi. Shuningdek, kompaniya Atlanta, Las-Vegas va Dallas kabi shaharlarda Waymo, Motional va Avride kabi hamkorlar bilan ishlamoqda. Haydovchi boʻlmagan taqdirda ham, yoʻqolgan buyumlarni qaytarish tizimi samarali yoʻlga qoʻyilgan.

Agar yoʻlovchi robotaksida biror narsasini unutib qoldirsa, uni qaytarib olish jarayoni oddiy safarlar bilan bir xil: ilova orqali mijozlarni qoʻllab-quvvatlash markaziga murojaat qilinadi. Buyum topilgach, foydalanuvchi 15 dollar evaziga Uber Courier orqali yetkazib berish xizmatidan foydalanishi yoki uni shaxsan AV-depodan olib ketishi mumkin.

Uber 2029-yilga borib dunyodagi eng yirik avtonom safarlar operatoriga aylanishni maqsad qilgan. Kompaniya yil yakuniga qadar dunyoning 15 ta shahrida robotaksi xizmatlarini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda. Uber Autonomous Solutions boʻlimi esa haydovchisiz yuk mashinalari va yetkazib berish robotlari uchun dasturiy taʼminot hamda servis xizmatlarini taqdim etadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar