Xitoylik muhandis sun’iy intellekt yordamida uchar skeytbord yaratdi

Xitoylik muhandis sun’iy intellekt yordamida uchar skeytbord yaratdi

Xitoylik mustaqil ixtirochi Song Sin’yuy «O‘rgimchak odam» filmidagi Yashil Goblinning uchar qurilmasidan ilhomlanib, odamni havoga ko‘tara oladigan skeytbord yaratdi. U qurilmani ishlab chiqishda sun’iy intellektdan ham foydalangan. Bu haqda bir qator xorijiy nashrlar xabar berdi.

Dastlab ixtirochi beshta reaktiv dvigatel o‘rnatilgan qurilmani sinab ko‘rgan. Biroq dvigatellar birgalikda ishga tushirilganda qurilma yonib ketgan. Sun’iy intellekt yordamida nosozlik sabablari tahlil qilingach, reaktiv dvigatellardan voz kechib, elektr motorlaridan foydalanishga qaror qilingan.

Yangi versiyaga 10 ta elektr harakatlantiruvchi qurilma o‘rnatilgan. Har birining tortish kuchi 30 kilogrammdan ortiq bo‘lib, umumiy ko‘tarish kuchi to‘rt nafar katta yoshli inson vaznidan ham oshadi.

Qurilmani boshqarishdagi eng katta muammolardan biri muvozanatni saqlash bo‘lgan. Buning uchun ixtirochi ikkita smartfondan foydalanadigan sun’iy intellekt yordamchi tizimini yaratgan. Tizim parvoz vaqtida quloqchin orqali ovozli ko‘rsatmalar berib, unga tana holati va og‘irlik markazini qanday o‘zgartirishni aytib turadi.

Xabarlarga ko‘ra, ixtirochi qurilmani yaratishga qariyb ikki oy, uni boshqarishni o‘rganishga esa o‘n kundan ortiq vaqt sarflagan. Shunga qaramay, ochiq propellerlar va muvozanatni yo‘qotish xavfi sababli bu qurilmada uchish jiddiy ehtiyotkorlikni talab qiladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar